Kelgusi 5 yilda Surxondaryo viloyatida 47 ta davlat va xususiy sheriklik asosidagi 758 ta oilaviy bog`cha ochiladi, 75 ta davlat bog`chasi ta`mirlanadi. Ushbu ishlarga byudjetdan 700 milliard so`m ajratiladi. Shuningdek, 96 ming qo`shimcha o`quvchi o`rni yaratiladi. 21 ta yangi maktab va 358 ta maktablarda yangi binolar quriladi, 116 ta maktab mukammal ta`mirlanadi. Bu haqda bugun, 8 oktyabr kuni Shavkat Mirziyoevning surxondaryolik saylovchilar bilan Termiz shahridagi “Muz saroyi” kompleksida bo`lib o`tayotgan uchrashuvida ma`lum qilindi.
"Shu orqali Surxondaryoda maktab filiali degan eskilik sarqitidan butunlay xalos bo`lamiz.
Surxondaryo maktablarida 320 ta sport va 311 ta ma`rifat zallari bunyod etiladi va to`liq jihozlanadi.
389 ta kompyuter sinfxonalari, 741 ta texnologiya ustaxonalari va 776 ta maktab kutubxonalari jihozlanadi va zamonaviy adabiyotlar bilan ta`minlanadi.
Qumqo`rg`on, Oltinsoy, Bandixon tumanlari va Termiz shahrida Ay-Ti, matematika, kimyo-biologiya fanlariga ixtisoslashgan 19 ta maktab tashkil etiladi.
Oliy ta`lim qamrovi 25 foizdan 50 foizga etkaziladi. Buning uchun viloyatda 3 ta yangi oliygoh tashkil etiladi", - dedi davlat rahbari.






