AsosiyJamiyat

O`zbekistonda mahsulot etishtirgan chorvadorlar birinchi marta subsidiya oldi

'O`zbekistonda mahsulot etishtirgan chorvadorlar birinchi marta subsidiya oldi'ning rasmi

Bu haqda “O`zbekchorvanasl” agentligi Bosh direktori Baxtiyor Atamurodov xabar berdi.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 iyuldagi “Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo`jaliklariga ular tomonidan etishtirilgan va sotilgan mahsulotlar uchun subsidiya ajratish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bo`yicha chorvachilik tarmoqlaridagi tadbirkorlik sub`ektlariga subsidiya ajratish tizimi joriy etilgan edi.

Mazkur qarorga muvofiq joriy yil 1 iyundan parrandachilik xo`jaliklariga — o`z xo`jaliklarida etishtirilib, realizasiya qilingan tuxumning har bir donasi uchun 50 so`m hamda parranda go`shtining har bir kilogrammi uchun 1000 so`m, chorvachilik xo`jaliklariga — o`z xo`jaliklarida etishtirilib, go`sht uchun sotilgan yirik va mayda shoxli mollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun 2000 so`m hamda sutining har bir litri uchun 200 so`m, baliqchilik xo`jaliklariga — intensiv usulda etishtirilgan sovuq suv baliqlarining (losos, forel va osyotr) har bir kilogrami uchun 3000 so`m qolgan turdagi baliqlar uchun 1000 so`m miqdorida subsidiya ajratilishi belgilangan.

“O`zbekchorvanasl” agentligi tomonidan joriy yil sentyabr oyi yakunigacha 51 ta tadbirkorlik sub`ektiga 3 099,1 mln. so`m subsidiya mablag`i ajratilishi ta`minlandi.

Jumladan, Qoraqalpog`iston Respublikasida 11 ta sub`ektga 49,6 mln. so`m, Andijon viloyatida 5 ta sub`ektga 874 mln. so`m, Buxoro viloyatida 4 ta sub`ektga 1 045,5 mln. so`m, Samarqand viloyatida 17 ta sub`ektga 711,2 mln. so`m, Sirdaryo viloyatida 11 ta sub`ektga 199,5 mln. so`m va Xorazm viloyatida 3 ta sub`ektga 219,7 mln. so`m subsidiya ajratildi.

Ta`kidlash kerak, mamlakatimiz tarixida birinchi marta mahsulot etishtirgan chorvachilik subektlariga subsidiya berish tizimi joriy etildi. Bu esa, bozor iqtisodiyoti sharoitida chorvachilik mahsulotlari taqchilligining oldini olish va narxini stabillashtirishda eng to`g`ri yondashuvdir.

Boshqa yangiliklar