Afsuski, so`nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali ommani chalg`ituvchi va shaxslar ongiga ta`sir qiluvchi sarlavha ostidagi ma`lumotlar ko`p uchramoqda.
Bu holatlar bo`yicha axloq va huquq normalari nima deydi?
Jurnalistlar va barcha ommaviy axborot vositalari xodimlari o`z kasb majburiyatlarini bajarishda rioya etishi shart bo`lgan ma`naviy-axloqiy yo`nalish belgilangan “O`zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi” kabul qilingan.
Mazkur kasb etikasi kodeksida haqqoniylik, xolislik, adolat, fikrlar xilma-xilligi va inson huquqlariga hurmat O`zbekiston jurnalistlari faoliyatining asosiy qoidasi hisoblanishi belgilangan.
Shuningdek, kodeksda jurnalist axborotlar bilan ishlashda betaraflik va xolislik tamoyillariga, xususan jurnalist betaraf bo`lishi, voqea-hodisalarni xolisona va haqqoniy yoritishi, muomala madaniyati va ochiqlik tamoyillariga amal qiladi deb belgilab qo`yilgan.
Jurnalist har qanday sharoitda ham yolg`on axborot e`lon qilmasligi, dalillarni buzib ko`rsatmasligi va ijtimoiy ahamiyatga ega axborotni ataylab yashirmasligi kerak.
Shunday ekan jurnalistlarimizni Internet jahon axborot tarmog`iga ma`lumotlarni joylashtirishda ommani chalg`itadigan va ularda noto`g`ri fikrlar uyg`otadigan sarlavhalar qo`ymaslikka chaqirib qolamiz.
Unutmang, xolislik, ishonchlilik, betaraflik — professional jurnalistikaning yuqori standartlari va asosiy prinsiplaridir.






