Joriy yilning 7 oktyabr kuni YouTube videomateriallar hostingi orqali "Surxondaryo viloyati uchun sharmandalik" sarlavhasi ostida Sharbat Pardaevaning Termiz shahridagi uyini xujjatlashtirib olmagani va ko`chada qolgani to`g`risida videomurojaati tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimligi quyidagilarni ma`lum qiladi:
"Videomurojaatchi Sharbat Pardaeva 02.02.1946 yil tug`ilgan. Qumqo`rg`on tumani, “Do`stlik” mahallasi, “Hamza” ko`chasi, 30-uy, 18 xonadonda yashaydi. Fuqaro Sh.Pardaevaning uch nafar farzandi, ikki nafar qiz, bir nafar o`g`li bor. Qizlari Qumqo`rg`on tumanida yashaydi. O`g`li Urunov Qahramon Nasirovich Termiz shahri, (Totuvlik) Boboxo`jaev ko`chasi, 5-uyda turmush o`rtog`i Amonova Lobar va 3 qizi bilan istiqomat qilib kelgan. Q.Urunov 30.06.1968 yilda tug`ilgan.
O`rganishlar chog`ida Urunov Qahramon (Sh.Pardaevaning o`g`li) spirtli ichimlikka ruju qo`ygani oqibatida turmush o`rtog`i Omonova Lobar o`rtasida yuzaga kelgan tinimsiz oilaviy janjallar sababli er-xotin alohida yashayotgani ma`lum bo`ldi.
Sh.Pardaeva joriy yil 7-sentyabr kuni o`ziga tegishli bo`lgan Qumqo`rg`on tumani, "Do`stlik" mahallasi, Hamza ko`chasi, 30-uy, 18- xonadonni katta qizi Urunova Zulfiyaning o`g`li 20.01.1986 yilda tug`ilgan nabirasi Ahmedov Abdiqaxxorga hadya qilib bergan.
Videomurojaatda nazarda tutilgan xonadon O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Termiz uy-joydan foydalanish qismi tasarrufidagi xizmat xonadoni bo`lib, Termiz harbiy gospitaliga biriktirilgan.
O`zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 75-moddasida "Xususiy, munisipal, idoraviy uy-joy fondining uylarida joylashgan, o`z mehnat munosabatlari xususiyatiga ko`ra, ish joyiga bevosita yaqin erda yashashi kerak bo`lgan fuqarolar ko`chib kirishga mo`ljallangan turar joylar xizmat turar joylari, deb hisoblanadi"- deya belgilangan.
Shunga muvofiq 2019 yil 15 aprelda fuqarolik ishlari bo`yicha Termiz tumanlararo sudi tomonidan nizoli Termiz shahri, (Totuvlik) Boboxo`jaev ko`chasi 5-uy,15-xonadon, "xizmat turar joyi" dan "nizoli xonadonda yashash huquqini beruvchi Termiz uy-joydan foydalanish qismi yoki shahar hokimligi tomonidan berilgan tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi" sababi bilan xonadonni o`zboshimchalik bilan egallangan deb hisoblanib, Pardaeva Sharbat, o`g`li Urunov Qahramon, kelini Amonova Lobarlarni majburiy tartibda ko`chirish va foydalanish huquqini yo`qotgan deb topish, boshqa turar-joy bermasdan ko`chirish to`g`risida hal qiluv qarori qabul qilingan.
Mazkur fuqarolik ishi 2019 yilning 2-oktyabr kuni qayta ko`rib chiqigan va qaror o`z kuchida qoldirilgan.
Shu o`rinda, ijtimoiy tarmoq faollari hamda blogerlardan O`zbekiston Respublikasining "Axborotlashtirish to`g`risida"gi qonuni 12,1-moddasida "Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining yoxud boshqa axborot resursining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo`lgan axborot joylashtiradigan Internet jahon axborot tarmog`idagi o`z veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan yoxud boshqa axborot resursidan ...fuqarolarning sha`ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro`siga putur etkazuvchi axborotlarni tarqatish qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo`ladigan o`zga harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanishga yo`l qo`ymasligi shart ekanligi hamda ushbu moddaning ikkinchi qismida Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining yoxud boshqa axborot resursining egasi, shu jumladan bloger: ... axborot joylashtirilguniga qadar uning to`g`riligini tekshirishi, shuningdek joylashtirilgan axborotning noto`g`riligi aniqlangan taqdirda, uni darhol o`chirib tashlashi shart ekani belgilab qo`yilganini eslatib o`tamiz.
Yuqoridagilarga asoslanib, YouTube videomateriallar hostingidagi sahifasiga videomurojaatni joylagan blogerdan mazkur videoni o`chirishi talab etiladi. Blogerlardan esa asossiz axborotlarni jahon internet tarmog`ida tarqatmaslikni so`raymiz"






