Toshkentda 19 yoshli haydovchi YTHga uchradi. Oqibatda u va uning yonida bo`lgan yo`lovchi vafot etdi.
YHXBB holat tafsilotlarini bayon qildi. Unga ko`ra, bugun, 10 oktyabr kuni soat 21:00 larda, Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko`chasida haydovchi, 2002 yilda tug`ilgan Sh.N. "Lacetti" rusumli avtomobilda harakatlanayotib ushbu ko`chada joylashgan "Anjir" restorani ro`parasiga etgan vaqtida boshqaruvni yo`qotadi.
Oqibatda yo`l o`rtasidagi yoritish chirog`i ustuniga borib uriladi.
Ta`kidlanishicha, to`qnashuv oqibatida avtomobilda yong`in yuzaga kelgan. O`t o`chiruvchilar tomonidan yong`in bartaraf qilingan.
"Hodisa natijasida haydovchi Sh.N. va bir nafar yo`lovchi vafot etdi. Ikki nafar yo`lovchilar tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketildi",- deyiladi xabarda.
Shu o`rinda, barcha haydovchilardan qoidalarga rioya qilishlari so`ralmoqda.






