SSVning ma`lum qilishicha, joriy yil boshidan Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 18 yoshgacha bo`lgan 3658 nafar o`g`il-qiz COVID-19 tashxisi bilan yotqizilgan. Ularning eng katta qismi, ya`ni 1263 nafarini 7 yoshdan 18 yoshgacha bo`lgan bolalar tashkil etadi.
Shu sababli mutaxassislar tezroq emlanishni tavsiya qilmoqda.
Shuningdek, "Zangiota"da davolanayotgan bemor vaksina olmagani tufayli koronavirusdan saqlana olmagani haqida so`zladi.
"Bu erda ikki o`g`lim bilan yotibmiz. Biri o`n uch, ikkinchisi uch yashar. Kasallik avval ularga yuqqan, keyin men ham xastalanib qoldim. Palatadoshlarimiz Shoira Qodirova va uning 6 yoshli farzandi– qarindoshlarimiz. Ular bilan ham muloqotda bo`lgandik. Hozir muolajalar davom etyapti. Bolalarning ahvoli ancha yaxshi. O`zimiz ham kundan-kun tetiklashib boryapmiz. Lekin o`z vaqtida vaksina olmaganimizdan afsusdamiz",–deydi bemor.
Shu bilan birga, shifokor bu borada quyidagicha tushuntirish berdi.
"Masalaning iqtisodiy jihatini tahlil qiladigan bo`lsak, kasallangan o`rta holatdagi bemor muolajasi uchun davlatimiz hisobidan 15 million so`mgacha mablag` sarflanmoqda. Albatta, bu summalar dori-darmon, oziq-ovqat, tibbiy xizmat, transport, kommunal va boshqa ko`plab sarf-xarajatlarni o`z ichiga oladi. Qolaversa, COVID-19ga chalingan bemor shifoxonadan tuzalib, uyiga qaytgach ham, immun tizimi to`liq tiklanishi va xastalik asosratlaridan batamom xalos bo`lishi uchun uzoq vaqt tibbiy preparatlarni qabul qilib yurishiga to`g`ri keladi. Albatta, bularning barchasi katta chiqim talab etishi turgan gap. Bundan tashqari, koronavirus keyinchalik inson tanasining boshqa a`zolari faoliyatiga ham salbiy ta`sir ko`rsatishi ehtimoli yuqori. Shu ma`noda, vaksina eng arzon, xavfsiz va samarali usuldir",–deydi shifoxona direktori Anvar HUSANOV.
Bolalar bo`limi mudiri Hilola MARDONOVA kasallikni yosh bolalarda qanday kechayotgani haqida so`zlab berdi.
"Bo`limimizdagi bolalarning 20-30 foizida virusli pnevmoniya kuzatilmoqda. Yil boshidan buyon 84 nafar bola jonlantirish bo`limiga yotqizilgan bo`lsa, hammasi tuzalib chiqib ketishdi. To`g`ri, kasallik aksariyat o`g`il-qizlarda nisbatan engil o`tyapti. Tuzalish muddati ham o`rtacha 5-7 kunni tashkil etmoqda. Ammo baribir xotirjamlikka berilmasligimiz shart. Shu ma`noda, 12 yoshgacha bo`lgan bolarning emlanishi imkoniyatdan oqilona foydalanishimiz zarur",–deydi shifokor.






