Avval xabar qilganimizdek, EXHT DIIHBning O`zbekistondagi Prezident saylovini kuzatish missiyasi joriy yilning 15 sentyabridan 5 oktyabrigacha bo`lgan dastlabki hisobotida mamlakatda fuqarolarni saylovlar haqida xabardor qilishda turli format va usullardan foydalanilganligini, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda targ`ib qiluvchi video va grafik materiallarni tarqatilishini alohida qayd etgan.
Ayni paytda Adliya vazirligi Jamaotchilik bilan aloqalar bo`limining ma`lum qilishicha, Adliya vazirligi MSK bilan hamkorlikda aholining, shu jumladan yoshlarning, saylov qonunchiligi bo`yicha bilimlarini va ularning huquqiy ong va madaniyatini oshirishga qaratilgan keng tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Bu haqda Adliya vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Saylov komissiyalari a`zolarining malakasini oshirildi
Xususan, dastlab saylov komissiyalari a`zoligiga nomzodlarning malakasini oshirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan Saylov komissiyalari a`zolarining malakasini oshirishni tashkil etish Konsepsiyasi tasdiqlandi.
Markaziy saylov komissiyasi bilan Davlat boshqaruv akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi, Ichki ishlar akademiyasi o`rtasida mazkur konsepsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo`yicha o`zaro hamkorlik yuzasidan kelishuv imzolandi.
Saylov komissiyalari a`zolarining saylov qonunchiligi va saylovda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo`llash bo`yicha nazariy bilimlari hamda amaliy ko`nikmalarini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar uch boskichda o`tkazildi.
Seminar-treninglarni yuqori saviyada tashkil etish va o`tkazish maqsadida Davlat boshqaruv akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o`qituvchilardan iborat yuqori malakali ekspertlar tomonidan o`quv rejalari, o`quv-uslubiy materiallar (taqdimot, infografika, video-darslar va boshqalar) tayyorlandi.
Saylov komissiyasi a`zolarini malakasini oshirishda saylovchilar ro`yxati bilan ishlash, shu jumladan saylovchilarning yagona elektron ro`yxatidan foydalanish, muddatidan oldin va saylov kuni ovoz berishni tashkil qilish, saylov natijalarini aniqlash va e`lon qilish tartibi va saylovni o`tkazishga doir boshqa masalalar bo`yicha bilimlarni oshirish va amaliy ko`nikmalarni mustahkamlashga alohida e`tibor berildi.
200 dan ortiq huquqiy targ`ibot guruhlari shakllantirildi
Vazirlik tomonidan “Saylov – 2021: o`z kelajaging uchun ovoz ber” shiori ostida Saylov kodeksi va unga kiritilgan so`nggi o`zgartirishlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini sodda, xalqchil tilda bayon etuvchi huquqiy targ`ibot materiallari to`plami (slayd, infografika, annotasiya, videodars) tayyorlanib, keng aholi qatlamiga etkazilib kelinmoqda.
Respublikaning eng chekka tuman va qishloqlarida istiqomat qilayotgan fuqarolarga saylov qonunchiligini tushuntirish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Qoraqalpog`iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari boshchiligida tegishli idoralar bilan hamkorlikda hududiy saylov targ`iboti guruhlari, tuman (shahar) adliya bo`limlari boshchiligida esa 200 dan ortiq kichik huquqiy targ`ibot guruhlari shakllantirildi. Hozirda ushbu targ`ibot guruhlari faol ishlagan holda, aholi o`rtasida saylov targ`iboti tadbirlarini o`tkazib kelmoqda.
Bundan tashqari, targ`ibot guruhlari tomonidan “Siz saylov huquqlaringizni bilasizmi?” mavzusida reja-grafik asosida har haftaning seshanba va juma kunlari davlat organlari, mahallalar, qishloqlar, mehnat jamoalari kesimida seminar, davra suhbati, savol-javob va aholini qiziqtiradigan boshqa shakllarda tashkil etilmoqda.
Saylovga oid murojaatlariga onlayn javob
“Advice.uz” huquqiy axborot portali orqali aholini qiziqtirgan saylovga oid savollariga javob olinishini ta`minlash maqsadida portalda “Saylov masalalari” bo`limi yaratildi va saylovga oid qonunchilik bo`yicha sodda, xalqchil tilda tayyorlangan ma`lumotlar joylashtirildi. “Madad” NNT xodimlari tomonidan fuqarolarning saylovga oid murojaatlariga onlayn javob berib kelinmoqda.
Vazirlikning telegramdagi “Huquqiy axborot” kanalida #Saylov_2021 rukni orqali fuqarolarning saylov huquqlariga oid ma`lumotlar qisqa, sodda, xalqchil tilda kanalga joylashtirilmoqda, har bir ma`lumot bilan 100 mingdan ortiq obunachilar tanishmoqda.
Shu bilan birga, vazirlik tomonidan, aholining elektoral madaniyatini yanada yuksaltirish bo`yicha bugungi kunga qadar adliya organlari tomonidan 25 165 dan ortiq huquqiy targ`ibot tadbirlari o`tkazildi. Jumladan, televidenie orqali 210 ta, radioda 451 ta chiqishlar qilindi, 14 854 marotaba seminar va davra suhbatlari o`tkazildi, veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda 9 451 dan ortiq ma`lumotlar joylashtirildi, 178 dan ko`proq tahliliy ma`lumotlar va maqolalar gazeta va jurnallarda chop etildi.
Huquqiy aksiyalar
Aholining saylov jarayonidan xabardorlik darajasini oshirishga qiziqish uyg`otish hamda aholining huquqiy bilim darajasini oshirish maqsadida hududiy adliya organlari tomonidan “Biz tanlash huquqiga egamiz”, “Saylovchilar ro`yxatida bormisiz?”, “Men shaxsan o`zim ovoz beraman”, “Bizning oilamizda har birimiz o`z ovozimizga egamiz”, “Mening ovozim Vatan kelajagiga daxldor” mavzularida turli aksiyalar tashkil etilmoqda. Ushbu aksiyalar doirasida minglab fuqarolarga saylov qonunchiligi mazmun-mohiyati tushuntirib kelinmoqda.
Inklyuziv saylovlar
O`zbekiston respublikasi Konstitusiyasi va Saylov kodeksiga ko`ra fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e`tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma`lumoti, mashg`ulotining turi va xususiyatidan qat`i nazar, teng saylov huquqiga egadir.
Shu asosda hududiy adliya organlari tomonidan ko`rish va eshitish qobiliyati cheklangan fuqarolarga saylov qonunchiligi tushuntirish bo`yicha targ`ibot tarbirlarini o`tkazish tizimli yo`lga qo`yilgan. Jumladan, hududiy adliya organlari tomonidan saylov qonunchiligini o`zi ichiga olgan Brayl yozuvi asosida targ`ibot materiallari tayyorlanib, aholiga seminar-treninglar davomida tarqatilmoqda, surdo tarjimonlar yordamida tushuntirilmoqda.
Shuningdek, respublika bo`ylab nogironlar uylari va muassasalarida “Men jamiyatning to`laqonli a`zosiman” mavzusida davra suhbatlari, uchrashuvlar o`tkazilmoqda.
Saylovlarda xotin-qizlarning faolligini oshirish
Saylovlarda xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish ham muhim masaladir. Shu maqsadda vazirlik tomonidan saylov jarayonlarida ayollarning siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan “Xotin-qizlarning saylovlardagi ishtiroki” mavzusida turli tadbirlar tashkil etilib, bu jarayonlarda ularning ham ishtiroki muhim ekanligi aytilmoqda.
Qo`llanma va risolalar
Aholiga bosma nashrlar orqali saylov qonunchiligini etkazish maqsadida ham tizimli ishlarga amalga oshirildi. Xususan, vazirlik huzuridagi “Adolat” MHAM tomonidan O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi (jami 21 000 nusxada), O`zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi (jami 2 1000 nusxada), O`zbekiston Respublikasining saylovga oid qonun hujjatlari to`plami (jami 15 000 nusxada), “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi: 100 savolga 100 javob” risolasi (25 000 nusxada), “Saylov qonunchiligi bo`yicha o`quv-amaliy qo`llanma” (37 250 nusxada), “Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari kuzatuvchilari uchun eslatma” (11 900 nusxada), “Siyosiy partiyalarning kuzatuvchilari uchun eslatma” (55 350 nusxada), “Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari uchun eslatma” (22 300 nusxada) nashr qilindi.
Shuningdek, “Mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun eslatma” (3 000 nusxada), “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi uchastka saylov komissiyalari faoliyatini tashkil etish bo`yicha amaliy qo`llanma” (50 000 nusxada) nashr qilish jarayonida.
Saylov qonunchiligi bo`yicha targ`ibot tadbirlari davom etmoqda.






