Viloyatda 150 mingdan ziyod aholi ishsiz. Kelgusi besh yilda 280 mingga yaqin yoshlar mehnat bozoriga kirib keladi. O`zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoev o`z saylovoldi tashviqot yig`ilishida Qashqadaryo viloyati rivojiga kuchli turtki berish, bu erda yashayotgan aholiga munosib ish o`rinlari va turmush sharoitini yaratib berish bo`yicha eng muhim vazifalarga to`xtalib o`tdi, deya ma`lum qildi “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.
“Afsuski, viloyatda tabiiy boyliklar, er resurslari ko`p bo`lishiga qaramasdan, bu etarlicha natija bergani yo`q, aholining yashash sharoitlari respublikaning boshqa hududlariga nisbatan pastligicha qolmoqda. Bu muammolarga echim topishda davlat idoralari, mutasaddi rahbarlar tomonidan haligacha tizimli ish olib borilayotgani yo`q. Viloyatda tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish bo`yicha muhit to`liq shakllanmagan”, dedi u.
Kelgusi besh yilda 400 mingta ish o`rni yaratish
Bu borada, eng avvalo, tadbirkorlik muhitini shakllantirish va biznesni qo`llab-quvvatlash kerakligi ta`kidlandi.
Jumladan, amaldagi prezident kelgusi besh yilda:
- viloyatdagi yirik sanoat korxonalari yonida, 75 ta yangi kichik sanoat zonalari barpo etiladi va ularda 1 mingdan ziyod loyihalar amalga oshirilib, 25 mingta;
- Qarshi aeroporti yonidagi barcha infratuzilmaga ega 120 gektar maydonda, sanoat texnoparki tashkil etish evaziga 10 mingta;
- alohida dastur doirasida viloyatda 27 ming gektar ekin maydonlari tanlov asosida 50 sotixdan 60 mingga yaqin aholiga ajratib berish;
- 15 mingta xonadonda kichik hajmdagi issiqxonalar qurish uchun imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish;
- 30 ming gektar oborotdan chiqqan maydon o`zlashtiriladi va oziq-ovqat mahsulotlari etishtirish orqali 25 mingta;
- Koson va Qamashi tumanlarida 10 ming gektar lalmi maydonda poliz etishtirish hisobiga 12 mingta
- Mirishkor, Qamashi, Kasbi, Koson, Qarshi va Muborakda 2 ming gektarda zamonaviy issiqxonalar ishga tushirilib, 25 mingta;
- sanoat tarmoqlarida qariyb 10 milliard dollar bo`lgan 2 mingdan ziyod katta-kichik loyihalar ortidan 150mingga yaqin;
- neft-gaz sanoatida 5 milliard dollar bo`lgan 5 ta investisiya loyihalari amalga oshiriladi hamda 7 mingga yaqin;
- Nishon, Kasbi, Mirishkor va Yakkabog` tumanlarida 1,2 milliard dollarlik bo`lgan 182 ta tekstil loyihalarni amalga oshirib, 35 mingta;
- oziq-ovqat sanoatida qiymati 320 million dollarlik 185 ta loyihalar amalga oshirilib, 10 mingdan ortiq ish yangi ish o`rinlarini yaratish bo`yicha o`z reja va takliflarini ma`lum qildi.






