AsosiyJamiyat

Qashqadaryo uy-joy masalasi bo`yicha eng ko`p murojaat qilgan hudud. Echim ham bor

'Qashqadaryo uy-joy masalasi bo`yicha eng ko`p murojaat qilgan hudud. Echim ham bor'ning rasmi

Qashqadaryo viloyat aholisini qiynab kelayotgan eng dolzarb muammolardan yana biri – uy-joy bilan ta`minlash masalasi. Joriy yilda uy-joy masalasida Halq qabulxonalariga 6 ming nafar fuqaro murojaat qilgan bo`lib, bu respublikada eng yuqori ko`rsatkich hisoblanadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoev ishtirokida bo`lib o`tgan yig`ilishdan “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov xabar qildi.

Shu sababli joriy yildan boshlab “Bog`dod tajribasi” asosida uy-joylar, ishlab chiqarish, sanoat va ijtimoiy infrastruktura ob`ektlarini o`z ichiga olgan Yangi O`zbekiston massivlari barpo etiladi. Birinchi bosqichda viloyatning Chiroqchi, Shahrisabz va Koson tumanlarida, ikkinchi bosqichda Yakkabog`, Qarshi va G`uzor tumanlarida ehtiyojga qarab qurilishlar davom etadi.

Yangi massivlar ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan tayyor holda foydalanishga topshiriladi. Aholini doimiy ish bilan ta`minlash maqsadida, massivlar hududida 7 ta kichik sanoat zonalari tashkil etiladi. Har bir massivda 20 gektardan iborat “Yoshlar issiqxona majmua”lari qurilib, u erdagi 14 ming oilaga 10 sotixdan taqsimlab beriladi”, dedi prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoev. 

Shuningdek, Qarshi va Chiroqchi tumanlarining 5 ming gektar qir-adirlarida “Yangi O`zbekiston massivi” barpo etilib, 8 ming kvartirali 300 ta ko`p qavatli uy, maktab, bog`cha, shifoxona, savdo markazi va boshqa ob`ektlar quriladi.

Umuman olganda, kelgusi besh yilda viloyatda jami 30 ming kvartirali qariyb 1 mingta ko`p qavatli uylar va 2,5 mingta yakka tartibdagi uylar barpo etiladi (oldingi besh yilga nisbatan 3 barobar ko`p).

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida esa kelgusi besh yilda 140 ta qishloq va mahallada keng ko`lamli obodonlashtirish va qurilish-ta`mirlash ishlari bajarilib, bunga 1,6 trillion so`m mablag` yo`naltiriladi. 

    Boshqa yangiliklar