AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev Qarshidagi Prezident maktabi o`quvchilari bilan uchrashdi

Mamlakatimizda ixtisoslashtirilgan ta`limning yangi tizimi - Prezident maktablari tashkil...

'Shavkat Mirziyoev Qarshidagi Prezident maktabi o`quvchilari bilan uchrashdi'ning rasmi

Mamlakatimizda ixtisoslashtirilgan ta`limning yangi tizimi - Prezident maktablari tashkil etildi. Joriy yilda Qarshi shahrida ham shunday maktab foydalanishga topshirildi. Davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog`ida ushbu muassasani ko`zdan kechirdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

168 o`rinli maktab binosi va yotoqxona Prezident maktablari standarti asosida qurilgan. Fan xonalari, laboratoriyalar, sport zallarida eng zamonaviy sharoitlar yaratilgan. 

Bu yil maktabga 10 mingdan ziyod o`quvchi hujjat topshirib, shundan 144 nafari qabul qilindi. Ta`lim jarayoni rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan o`quv rejalari va dasturlari bo`yicha ingliz tilida olib boriladi. Buning uchun eng malakali o`qituvchilar, jumladan, 10 nafar chet ellik mutaxassis jalb qilingan. 15 o`rinli o`qituvchilar mehmonxonasi qurilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoev o`quvchilar bilan suhbatlashdi.

- Bu hayotlaringizdagi birinchi eng katta g`alabangiz. Ana shu g`alaba bilan sizlarni tabriklayman, ota-onangizga rahmatlar aytaman. O`z kelajagingizga zamin yaratayapsiz. Vaqtdan, bu sharoitlardan unumli foydalaninglar. Bugungi muvaffaqiyat - tarix. Yanayam ko`proq o`qib, izlanishdan to`xtamanglar. Kelgusida yangi O`zbekistonning munosib farzandlari bo`lib etishasizlar. Men bunga ishonaman, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Prezident maktabi bilan viloyatdagi boshqa maktablar o`rtasida tajriba almashinuvni yo`lga qo`yish, shu asosida aniq fanlarni o`qitish metodologiyasini yangilash zarurligi ta`kidlandi.

Boshqa yangiliklar