Internet tarmog`ida avtomobil yo`lovchisi eshikka osilib, o`z hayoti uchun xavf tug`dirgani aks etgan surat tarqaldi. Toshkent shahar IIBB xodimlari qoidabuzarlik haqidagi xabarni e`tiborsiz qoldirishmadi, deya xabar bermoqda Bosh Boshqarma Axborot xizmati.
Aniqlanishicha, holat 2021 yil 9 oktyabr kuni taxminan soat 14.00 da ro`y bergan. “Matiz” rusumli avtomobilni (davlat raqami 01 Y 687 YA) ishonchnoma asosida 1999 yilda tug`ilgan Jasur X. boshqargan, suratdagi yo`lovchi esa 1995 yilda tug`ilgan Umarjon E. bo`lgan.
Yo`lovchiga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 138-moddasi 4-qismi (“Piyodalar va yo`l harakati boshqa ishtirokchilarining yo`l harakati qoidalarini buzishi”) bo`yicha ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Avtomobil haydovchisi ham jarimaga tortildi.
"Hurmatli fotosuratchilar, operatorlar va shu kabi kasblar egalari. Yuqoridagi holatga o`xshash hatti-harakatlar nafaqat qoidabuzarlik hisoblanadi, balki o`z salomatligingiz va hayotingizni xavf ostiga qo`yadi. Xavfsizligingizga qanchalik ishonishingizdan qat`iy nazar, yo`llarda ro`y berishi mumkin bo`lgan turli holatlarda bu ishingiz fojeali yakunlanishi mumkin", - deyiladi xabarda.






