Toshkent viloyatida o`rnatilgan kuzatuv kameralari va radarlar taqsimoti orqali tezlik bilan bog`liq YTHlar 70 foizdan 49 foizga kamayishiga erishildi. Bu haqda viloyat IIBB Axborot xizmati xabar bermoqda.
Avval xabar qilganimizdek, o`tgan 9 oy mobaynida yurtimizda jami 6 551 ta yo`l transport hodisasi sodir etilgan bo`lib, ularning deyarli 40% tezlikni me`yoridan oshirish natijasida sodir bo`lgan.
Bosh boshqarma Toshkent viloyatida tezlik bilan bog`liq YTHlar soni kamayishi kuzatilayotganini alohida qayd etmoqda.
Bunda viloyat IIBB YHXB va hamkorlikdagi tashkilotlar tomonidan olib borilgan targ`ibot tadbirlari va viloyat hududi bo`ylab faoliyat yuritayotgan 40 ga yaqin ko`chma va o`rnatilgan tezlik radarlarini asosiy omil sifatida ko`rish mumkin.
Xususan, ko`rilgan choralar natijasida tezlik bilan bog`liq YTHlari avvalgi yillarga nisbatan 70 foizdan 49 foizga kamayishiga erishildi.
Bu borada raqamlarga to`xtaladigan bo`lsak, viloyat hududida o`tgan 9 oy davomida jami 856 YTH sodir bo`lib, ularning 49 foizi tezlikni me`yoridan oshirish va katta tezlik bilan bog`liq holatlarda sodir bo`lgan.
Shuningdek viloyat yo`llari va YPX postlarida o`rnatilgan kameralar orqali 34 transport vositalarni olib qochish bilan bog`liq jinoyatlar fosh etilgan bo`lsa, 7 ta holatda piyodani urib yuborib voqea joyidan qochib ketgan haydovchilar aniqlanib ushlangan va qonuniy chora ko`rilishi ta`minlangan, deyiladi xabarda.