Shu kunlarda internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati, Paxtakor tumani, “Paxtakor” QFYda joylashgan turar-joylar “Obod Qishloq” davlat dasturiga tushgan bo`lsada achinarli ahvoldaligi va hozirgi kungacha mutasaddilar tomonidan hech bir ishlar amalga oshirilmayotgani bilan bog`liq xabar jamoatchilik orasida keng muhokama qilinmoqda.
Mazkur masala Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo`mitasi tomonidan nazoratga olinib, senator S.Suyarova tomonidan masalaning kelib chiqish sabablari, ko`rilayotgan chora-tadbirlar joyiga chiqqan holda o`rganildi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar bermoqda.
O`rganish natijasida haqiqatdan ham Paxtakor qishloq fuqarolar yig`inida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan uy-joylarni ta`mirlash ishlari to`liq yakuniga etkazilmagan, bundan tashqari bugungi kunda bir qancha uy-joylarida ta`mirlash ishlari boshlanmagani aniqlandi.
“Obod Qishloq ” dasturiga asosan mazkur qishloq fuqarolar yig`ini hududidagi 101 ta ko`pqavatli uylarni ta`mirlash uchun 8 mlrd. 474 mln. so`m mablag` ajratilishi rejalashtirilgan bo`lib, davlat rahbarining 2021 yil 19 iyundagi PQ-5152-son qarorining 6-bandi ijrosini ta`minlash maqsadida 2021 yil Jizzax viloyatidagi ko`p kvartirali uy-joylarni mukammal va joriy ta`minlash bo`yicha dastlabki manzilli dastur tasdiqlanib, 5 mlrd. 400 mln. so`m mablag` ajratilgan.
Dastur doirasida “Abdulaziz Building” MChJ xizmat ko`rsatayotgan “Paxtakor” QFY xududida joylashgan 101 ta ko`p kvartirali uy-joylar ta`mirlanishi rejalashtirilgan, hozirgi kunga qadar 18 ta uyning tom qismi ta`mirlangan.
“Paxtakor” qishloq fuqarolar yig`inida ta`minlash ishlari amalga oshmagan 83 ta ko`p qavatli uy joylar joriy yilning 4-chorak yakuniga qadar ta`mirlanishi ko`zda tutilgan.
Ushbu ta`mirlash ishlari domiy nazorat qilib boriladi.






