Avvalroq, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boshqarmalari tomonidan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda Guliston tuman hokimi o`rinbosari va boshqalarning jinoyat ustida qo`lga olingani xabar qilingan edi.
Unga ko`ra, “Chorvanasl” markazi Guliston tumani etakchi mutaxassisi M.X. Guliston tumani hokimi o`rinbosari B.S. bilan oldindan til biriktirib, “Ayollar daftari” ro`yxatida turuvchi fuqaro M.ni pora berishga dalolat qilib, unga tuman hokimi o`rinbosari orqali kam ta`minlangan oilalar uchun “Yulduz” massivida qurilayotgan ko`p qavatli arzonlashtirilgan uy-joylardan xonadon oluvchilar ro`yxatiga kiritib qo`yib uy olib berish evaziga firibgarlik yo`li bilan 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shundan so`ng, M.X.ning ko`rsatuvlariga asosan tezkor tadbir davom ettirilganda, Guliston tuman hokimi o`rinbosari B.S. xizmat mavqeidan foydalanib, yuqoridagi masalada fuqaro M.ga yordam berish evaziga 400 AQSh dollarini M.X.dan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilayotgan edi.
Ayni paytda "Sirdaryo xabarlari" xabariga ko`ra, mazkur jinoyat ishi bo`yicha sud hukmi o`qildi.
Sud, mazkur jinoyat ishini mazmunan ko`rib chiqib, B.Salimetovga O`zbekiston Respublikasi JKning 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan JKning 45-moddasini qo`llab, 2 yil 6 oy muddatga davlat organlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog`liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida-73.500.000 so`m jarima jazosini, M.Xolbekovga O`zbekiston Respublikasi JKning 25,168-moddasi 2-qismi “b” bandi, 28,211-moddasi 1-qismi bilan JKning 45, 59, 61-moddalari tartibida 2 yil muddatga davlat organlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog`liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 2 yil 2 oy ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.






