Prezident Shavkat Mirziyoev Qashqadaryoda bo`lib o`tgan saylovchilar bilan uchrashish jarayonida Shahrisabz tumanining G`ilon qishlog`ini alohida e`tirof etdi. Buning sababi G`ilon qishlog`ida keyingi besh yilda birorta ham oilaviy ajrim qayd etilmagan.
Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi matbuot xizmati xabar qildi.
"Biz buni qishloq ahlining o`zaro hamjihatligi, mahalla faollari, ayniqsa, nuroniylarimizning jonkuyarligi natijasi, deb bilamiz. Bunday ijobiy tajribani butun el-yurtimizga ibrat qilib ko`rsatsak, albatta, arziydi. Bizga, elimizga ajrimlar yarashmaydi", - deya ta`kidlaydi davlat rahbari.
Statistik ma`lumotlarga ko`ra, joriy yilning 9 oyi davomida Shaxrisabz tumanida 1127 ta nikoh qayd etilgan. Ajrim 160 tani tashkil qiladi.
Markazdan 80 km uzoqlikda joylashgan G`ilon qishlog`ida esa shu kunga qadar birorta ham oilaviy ajrim qayd etilmagan.
"Aholi soni 5302 ming nafarni tashkil qiluvchi G`ilon qishlog`i o`zining tabiati va aholisining soddadilligi bilan alohida ajralib turadi. Ajrimlarning kamligiga aholi o`rtasidagi milliy qadriyatlarni saqlanib qolganligi, oila muqaddasligiga bo`lgan e`tibor desak, yanglishmaymiz",–deyiladi DXAning viloyat boshqarmasi xabarida.






