Akselerator guruhi tomonidan O`zbekiston Respublikasi fuqarolariga an`anaviy tarzda ko`rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini baholash uchun interaktiv portalni ishlab chiqildi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi ma`lum qildi.
Endilikda BAHO.GOV.UZ saytida foydalanuvchilar davlat xizmatiga bergan bahosini qoldirishi mumkin.
Akselerator guruhiga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi, “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi, UZINFOCOM, IIV, Sog`liqni saqlash vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, Xalq ta`limi vazirligi, Maktabgacha ta`lim vazirligi vakillari kiritilgan.
O`rganilgan xorijiy tajribadan kelib chiqib, Akselerator guruhi tomonidan davlat xizmatlaridan fuqarolarning qoniqish darajasini o`lchaydigan portal – BAHO.GOV.UZ portali konsepsiyasi ishlab chiqildi va ishga tushirildi.
Fuqarolar 5 ta mezon bo`yicha maxsus QR-kod yordamida ushbu portal orqali davlat xizmatlari to`g`risida (1-5 gacha tizimda) o`z fikr-mulohazalarini qoldirishlari mumkin:
• murojaatni ko`rishda muddatlarga amal qilish;
• xizmat ko`rsatish malakasi;
• odob qoidalariga rioya qilish;
• adolatli yondashuv;
• murojaat qilish uchun sharoitlar mavjudligi.
Ekspertlar fuqarolar tomonidan qo`yilgan salbiy baholar tegishli davlat organlari rahbarlariga mavjud holatni chuqur ko`rib chiqib, tahlil qilish va tegishli choralar ko`rish uchun jiddiy signal (https://t.me/eGovUz/857), deb hisoblashadi.






