Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi. Bu haqda quyi palata Matbuot xizmat xabar bermoqda.
Xabarda “propiska” so`zining fuqarolar ongida “to`sqinlik qiluvchi”, “bir joyga bog`langan”, “erkinlikni cheklovchi” degan tushunchalarni keltirib chiqarayotgan uchun ayrim qonun hujjatlaridagi “doimiy propiska qilish” tushunchalari “doimiy yashash joyi bo`yicha ro`yxatga olish” tushunchalariga hamda “turgan joyi bo`yicha hisobga olish” tushunchalari “vaqtincha turgan joyi bo`yicha ro`yxatga olish” tushunchalariga almashtirilmoqda.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga fuqaro ID-kartani olish yoki almashtirish yuzasidan o`z vaqtida murojaat qilmaganida, yaroqsiz holga keltirganda va yo`qotib qo`ygan taqdirda, ma`muriy javobgarlikka tortilmasligi chiqarib tashlanmoqda. “Davlat boji to`g`risida”gi qonunga ko`paytirilgan miqdordagi davlat boji haqida tushuncha hamda boshqa ko`plab qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritilmoqda.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi huquqni qo`llash amaliyotida “doimiy yashash joyi bo`yicha ro`yxatga olish”, “vaqtincha turgan joyi bo`yicha ro`yxatga olish” hamda identifikasiyalovchi ID-karta tushunchalari bilan bog`liq bo`shliqlarni bartaraf etilishiga olib keladi.
Qizg`in muhokamalardan so`ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o`qishda qabul qilingan.






