Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Andijon davlat tibbiyot instituti xodimlari tomonidan ularning oylik ish haqidan shanbalik uchun pul mablag`lari ushlab qolinayotganligi mazmunida xabar keng tarqaldi.
Ushbu holat Andijon viloyat adliya boshqarmasi tomonidan joyiga chiqqan holda o`rganib chiqildi, deya "darakchi.uz"ga xabar bermoqda Adliya vazirligi Axborot xizmati.
O`rganish davomida, Andijon davlat tibbiyot instituti rektorining 2021 yil 15 sentyabrdagi buyrug`i bilan xodimlarning ish haqlaridan pul mablag`larini ixtiyoriy ravishda shanbalik uchun ushlab qolish belgilanganligi aniqlandi.
O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 164-moddasiga muvofiq, mehnat haqidan ushlab qolishga xodimning yozma roziligi bilan, bunday rozilik bo`lmagan taqdirda esa, sudning qaroriga asosan yo`l qo`yiladi.
Biroq, institut rektorining yuqoridagi buyrug`iga asosan 743 nafar xodimlarning sentyabr oyi uchun oylik ish haqidan 100—300 ming so`mdan jami 150 mln so`m mablag`lar avgust oyida o`tkazilgan hashar munosabati bilan ushlab qolingan bo`lib, shundan 221 nafar xodimning ish haqidan ularning roziligisiz pul mablag`lari ushlab qolingan.
O`rganish natijasida 150 mln so`m pul mablag`lari institut xodimlariga to`liq qaytarildi hamda qonunbuzilish holatlariga yo`l qo`ygan institutning mansabdor shaxslari intizomiy va ma`muriy javobgarlikka tortildi, deyilgan taqdim etilgan ma`lumotda.






