O`zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoev kecha buxorolik saylovchilar bilan bo`lib o`tgan saylovoldi tashviqot uchrashuvida Buxoro “Ark qo`rg`oni”ning bundan 100 yil oldin vayron qilingan qismlari qayta tiklanishin ma`lum qildi.
“Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning ma`lum qilishicha, amaldagi davlat rahbari Buxoro viloyatining turizm yo`nalishiga oid yana bir qator qilinishi kerak bo`lgan masalalarni sanab o`tdi.
Kelgusida:
- Viloyatdagi 800 dan ziyod tarixiy boyligimiz bo`lgan madaniy ob`ektlarni birma-bir restavrasiya qilinadi. Bunga dastlab 300 milliard so`m ajratilib, mahalliy va xorijiy olimlar, restavratorlar va boshqa eng nufuzli mutaxassislar jalb qilinadi.
- Buyuk bobokalonimiz, ulug` alloma Abu Ali ibn Sino tug`ilib o`sgan Afshona qishlog`i turizm shaharchasiga aylantiriladi.
- Buxoro shahrida eng zamonaviy jihozlangan tarix muzeyi tashkil etiladi va unda viloyatda mavjud 130 mingdan ziyod eksponatdan, Buxoro tarixining eng noyob durdonalari joylashtiriladi.
- Buxoro shahrida Arxeologiya institutining filiali, Buxoro davlat universitetida alohida kafedra tashkil etiladi.
- Qorako`l tumanidagi “Poykent – osmon ostidagi muzey” arxeologik parki tashkil etiladi.
Shuningdek, viloyatning turizm infratuzilmasi ham kengaytiriladi. Buxoro aeroporti orqali xalqaro aviaqatnovlar soni 5 barobarga oshirilishi, kelgusi besh yilda viloyatda katta-kichik 255 ta mehmonxona barpo etilishi, 60 ta yangi turizm marshrutlari tashkil qilinishi shular jumlasidandir.