Kuni kecha Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi tomonidan Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo`yicha reyting baholash tizimi mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida seminar o`tkazildi.
Unda senatorlar, Yoshlar parlamenti a`zolari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar kotibiyat mudirlari hamda mutasaddi tashkilot va idoralar mas`ullari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi, deya xabar bermoqda Senat axborot xizmati.
Qayd etilishcha, yig`ilish davomida reyting baholash tizimini joriy etishdan maqsad haqida so`z borgan.
Xabarga ko`ra, mazkur reyting tizimini ishlab chiqishda “Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni asos qilib olingan, bir qator me`yoriy-huquqiy hujjatlar o`rganilgan. Shu jumladan, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, Qo`mita huzuridagi ekspertlar hamda Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a`zolari ishtirokida muhokama qilingan.
Yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, sog`lig`ini saqlash, nogironligi bo`lgan, ota-ona qaramog`idan mahrum va etim bolalarni ijtimoiy himoya qilish, ular uchun zamonaviy va sifatli ta`limni ta`minlash, ishga joylashtirish va ular tadbirkorligini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, madaniyat, san`at va sportga keng jalb etish, bo`sh vaqtini mazmunli tashkil qilish hamda yosh oilalarni uy-joy bilan ta`minlash, parlament va mahalliy Kengashlarning yoshlar bilan hamkorligini yo`lga qo`yish reyting baholashning ustuvor yo`nalishlari etib belgilangan.






