AsosiyJamiyat

Navoiyda Politexnika universiteti tashkil qilinadi. Yoshlar shu yo`nalishda monomarkazlarda ham o`qitiladi

'Navoiyda Politexnika universiteti tashkil qilinadi. Yoshlar shu yo`nalishda monomarkazlarda ham o`qitiladi'ning rasmi

Navoiy shahrida bo`lib o`tayotgan yig`ilishda O`zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoev Navoiy viloyatini har tomonlama rivojlantirishning 5 yillik dasturi haqida nutq so`zlamoqda.

“Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning ma`lum qilishicha, amaldagi davlat rahbarining ma`ruzasidan oliy va o`rta-maxsus ta`lim masalalari ham o`rin oldi.  

Viloyatda sanoat tarmoqlari ehtiyojini qondirish uchun kelgusi besh yilda Navoiy viloyatida 12 ming oliy, ishchi kasblar bo`yicha 40 ming o`rta ma`lumotli mutaxassislarga talab bo`ladi. Shu sababli, Navoiy viloyatini muhandis mutaxassislarni tayyorlash bo`yicha respublika markaziga aylantiriladi.

Buning uchun:

Navoiy konchilik instituti negizida, qariyb 15 ming talabani o`qitadigan Politexnika universiteti tashkil etiladi. Ushbu oliygohda, nufuzli xorijiy universitetlar bilan qo`shma dasturlar, zamonaviy laboratoriyalar, jahonning etakchi olimlari ishtirokida amaliy-innovasiya markazlari faoliyat olib boradi.

Navoiy davlat pedagogika instituti quvvatlari qo`shimcha 6 ming o`ringa kengaytiriladi.

Natijada, viloyatda 20 ta yangi yo`nalishlar ochilib, oliy ta`lim bilan qamrov darajasi 37 foizdan 60 foizga etadi.

Aholini kasb-hunarga o`qitishning ham, mutlaqo yangi tizimi tashkil etiladi. Bunda:

viloyatdagi 60 ta kasb-hunar maktabi va markazlari, monomorkaz o`rta bo`g`in mutaxassislarini tayyorlaydigan Navoiy kon-metallurgiya kombinati va “Navoiyazot”ga biriktiriladi.

Viloyatdagi Monomarkazda murakkab uskuna operatori, texnolog, konchi, laborant va yuqori texnologiyalar sohasidagi boshqa yo`nalishlarga o`qitiladi.

Bundan tashqari, Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan “Biznesga ko`maklashish markazi” tashkil etilib, tadbirkorlar biznes yuritishga o`rgatiladi.

Umuman, viloyatda kelgusi besh yilda 60 mingga yaqin ishsizlar va yoshlar kasb-hunar va biznes ko`nikmalariga ega bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar