O`zbekiston “Adolat” SDPning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a`zolari tomonidan “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to`g`risida”gi Qonunning respublika hududlarida bajarilish holati o`rganib chiqilgan.
O`rganishlarda aholiga xizmat ko`rsatish borasida erishilgan yutuqlar bilan birga, o`z echimini kutayotgan bir qator quyidagi tizimli kamchiliklar aniqlangan.
Birinchidan, yurtimizdagi o`nlab tuman va shaharlarda madaniyat markazlarining binosi kapital va joriy ta`mirga muhtoj, bir qator madaniyat markazlari alohida bino bilan ta`minlanmagan.
Ikkinchidan, hududlardagi aksariyat madaniyat markazlari tegishli moddiy-texnik baza bilan ta`minlanmagan; boshqa bir qator madaniyat markazlaridagi moddiy-texnik baza esa talab darajasida emas.
Uchinchidan, amaldagi normativ hujjatlarga muvofiq hududiy madaniyat markazlari bevosita Madaniyat vazirligi tasarrufidagi tashkilotlar bo`lishiga qaramay, amalda hududiy hokimliklarga bo`ysindirilgan bo`lib, ularga hokimlik xo`jalik va xizmat ko`rsatish kompleksining tarkibiy qismi sifatida qarab kelinmoqda. Buning oqibatida, madaniyat markazlarida amalga oshiriladigan faoliyat turi uchun talab etiladigan konstruktiv muhitning yuzaga chiqishi qiyin kechmoqda.
O`rganishlar chog`ida aniqlangan kamchiliklar O`zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni rivojlantirish Konsepsiyasida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish, xususan, madaniyat muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, qabul qilinayotgan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniyat sohasiga oid qarorlarning bajarilishini ta`minlash borasida o`ziga xos to`siq bo`lmoqda.
Deputatlar tomonidan olib borilgan parlament nazorati natijalari aniqlangan kamchiliklarga munosib echim topish zarurati yuzasidan kelib chiqib, O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari A. Abduhakimovga Qonunchilik palatasining parlament so`rovini yuborish haqida qaror qabul qilishdi.






