Davlatimiz rahbari Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida viloyatdagi milliy madaniy markazlar vakillari bilan muloqot qildi.
- Sizlarga ma`lumki, yurtimizdagi ahillik, totuvlikni mustahkamlashga alohida e`tibor berayapmiz. Buning natijasida hayotingizda nimalar o`zgardi? Nima muammolar, qanday takliflar bor? Shular haqda sizlar bilan yurakdan gaplashgani keldim, - dedi Piezident.
Ko`p millatli Navoiy viloyati - xalqlar do`stligi va o`zaro anglashuvining yorqin ifodasi. O`zbek, qozoq, qoraqlpoq, tojik, rus, koreys va ko`plab boshqa millat vakillari bir oila a`zolaridek yashab, yurtimiz rivojiga munosib hissa qo`shib kelmoqda. Viloyatda 8 ta milliy madaniy markaz faoliyat yuritmoqda. Maktablarda o`qitish 7 tilda yo`lga qo`yilgan.
Uchrashuvda qatnashgan turli millat va elat vakillari ularning o`qib, ishlashi, madaniyatini saqlashi uchun keng sharoit yaratilganini ta`kidlashdi. O`zlari, farzandlari erishayotgan muvaffaqiyatlarni so`zlab berishdi. Madaniy markazlar uchun binolar ajratilgani, 30 iyul mamlakatimizda Xalqlar do`stligi kuni etib belgilangani qayd etildi.
- Bugun saylovchilar bilan uchrashuvda bu qutlug` bayramni kelgusi yili Navoiy viloyatida katta tantana bilan nishonlash taklifini bildirdim, - dedi Shavkat Mirziyoev. - Shuningdek, 2022 yilda Navoiyda ko`p millatli xalqimiz birligining ramzi sifatida Do`stlik bog`ini barpo etishni rejalashtirganmiz.
Prezident yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari o`rtasida o`zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, turli diniy konfessiyalar uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan siyosat izchil davom ettirilishini ta`kidladi.
Davlatimiz rahbari shu bilan Navoiy viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.