Yangi tartibdagi ta`lim krediti banklarda qay tartibda amalga oshirilayapti? Ularning murojaat manzillari qanday? Ushbu savollarga javob topish maqsadida kichik surishtiruv o`tkazdik.
O`ZSANOATQURILIShBANK
Behzod BOZOROV, O`zsanoatqurilishbank Axborot xizmati rahbari - Boshqaruv raisining axborot siyosati masalalari bo`yicha maslahatchisi:
—Shu kunga qadar 104 nafar talabaning ta`lim-shartnomasiga ko`ra, jami 1 mlrd. 840 mln. so`mdan ziyod ta`lim kreditlari berildi va kredit berilishi hali davom etmoqda.
Kredit olish uchun Bankning istalgan filialiga murojaat qilish mumkin. Qo`shimcha ma`lumotlarni Bank rasmiy sayti (sqb.uz), (71) 200-43-43 yagona koll-markazi hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalaridan olish mumkin.
IPOTEKA-BANK
Rasul JURAEV, Chakana xizmatlar departamenti bosh mutaxassisi:
—“Ipoteka-bank” ATIB tomonidan 2021 – 2022 o`quv yili uchun O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 avgustdagi 527-sonli “Oliy ta`lim tashkilotlarida to`lov-kontrakt asosida o`qish uchun ta`lim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga asosan talabalarga O`zbekiston Respublikasida faoliyat ko`rsatayotgan barcha oliy ta`lim tashkilotlarida kunduzgi ta`lim shaklida bakalavriat hamda magistratura bosqichida to`lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun O`zbekiston Respublikasi fuqarolariga Moliya vazirligi huzuridagi Ta`lim kreditini moliyalashtirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan ta`lim kreditlari ajratiladi.
Bugungi kunga qadar Ipoteka banki tomonidan yangi tartib asosida 483 nafar talabaga qariyb 6 mlrd.so`mga yaqin ta`lim krediti ajratildi.
Ta`lim kreditlari talaba hamda o`quv muassasasi o`rtasida imzolangan shartnoma summasi miqdorida beriladi. Ta`lim krediti berishda ma`lum bir miqdor belgilanmagan.
Ipoteka bankidan ta`lim krediti olish uchun fuqarolar bankning filiallariga hamda bank xizmatlari markazlariga murojaat qilishlari mumkin. Shuningdek, Bankning rasmiy veb-sahifasi, (78) 150-11-22 hamda 1233 qisqa raqamlari orqali batafsil ma`lumot olishlari mumkin.
XALQ BANKI
Abdualim SALIMOV, Xalq banki Axborot xizmati rahbari o`rinbosari:
— Bugungi kunga qadar Xalq banki tomonidan yangi tartib asosida 176 nafaar talabaga 2 mlrd. 546 million so`m ta`lim krediti ajratildi. Ushbu ta`lim kreditlarining yillik foiz miqdori O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining amaldagi asosiy stavkasi, ya`ni 14 foizdan berilgan.
Bunda, Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, ta`lim krediti bo`yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasayadi, Markaziy bankning asosiy stavkasi oshirilgan taqdirda esa ta`lim krediti bo`yicha foiz stavkasi o`zgarishsiz qoladi.
Xalq bankidan ta`lim krediti olish uchun fuqarolarimiz bankning barcha hududiy va tuman (shahar) filiallariga murojaat qilishlari mumkin. Shuningdek, (71) 210-20-02 hamda 1106 qisqa raqamlari orqali ma`lumot olishlari mumkin.
QIShLOQ QURILISh BANK
Shuhrat ORIPOV, Qishloq qurilish bank ATB boshqaruv raisi matbuot kotibi-maslahatchisi:
—O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 iyuldagi «Oliy ta`lim tashkilotlarida ta`lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida» PQ-5203-son qaroriga muvofiq ATB “Qishloq qurilish bank” hamda Moliya vazirligi huzuridagi Ta`lim kreditini moliyalashtirish jamg`armasi o`rtasida Bosh bitim imzolangan. Ushbu bitim asosida Ta`lim kreditini moliyalashtirish jamg`armasi tomonidan ajratilgan mablag`lar hisobidan PQ-5203-son qaror talablari asosida Bank filiallari orqali ta`lim kreditlari ajratib kelinmoqda.
Ta`lim krediti olish istagini bildirgan talabalar Respublikamiz hududida joylashgan Bank filiallaridan biriga murojaat etishlari mumkin.
Fuqarolar ta`lim krediti bo`yicha tushunchaga ega bo`lish hamda shartlari to`g`risidagi ma`lumot olish uchun Bankning (78) 150-93-39, (78) 150-00-55 yoki 1254 qisqa telefon raqamlari orqali murojaat etishlari mumkin. Bank ishonch telefon raqami: (78) 150-10-01
TURONBANK
Saidamirxon MUBAROV, “Turonbank” ATB Chakana kreditlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig`i:
—Tegishli qarorga asosan tijorat banklari qatorida “Turonbank” tomonidan ham yangi tartibdagi ta`lim kreditlari ajratish boshlab yuborilgan. Yangi tartibdagi ta`lim kredit shartlari avvalgi ta`lim kredit shartlaridan bir muncha engil.
Ya`ni, ta`lim krediti O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligidan ro`yxatdan o`tgan barcha ta`lim tashkilotlari talabalariga 15 yilgacha bo`lgan muddatga ajratiladi. Bunda talaba o`qish davrida kreditning faqatgina foizini to`laydi. Kreditning asosiy qismini esa talaba oliy o`quv yurtini tamomlagandan so`ng, 6 oy o`tib 7 chi oydan boshlab 7 yil mobaynida to`lab boradi.
Kreditning yillik foiz 14% da belgilangan bunda O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy foiz stavkasi tushgan taqdirda kredit foizi xam mutanosib ravshda tushuriladi.
“Turonbank” ATB talabalarga yangi tartibda ta`lim kreditlarini ajratishni birinchilardan bo`lib amaliyotga joriy qilgan va xozirgi kunga kelib 250,0 mln so`mga yaqin ta`lim kreditlari ajratdi va ajratishda davom etmoqda.
Talim kreditini olish istagini bildirgan talabalar “Turonbank” ATBning barcha filiallari hamda Bank xizmatlar ofislariga murojat qilishlari mumkin. Batafsil ma`lumotlar uchun: 1220 qisqa raqami.
HAMKORBANK
Hamkorbank axborot xizmatining ma`lum qilishicha, hozirgi kunga kelib Hamkorbank yangi tartibga asosan ta`lim kreditlarini ajratib kelmoqda. Ta`lim kreditlari kunduzgi ta`lim shaklida bakalavriat va magistraturaga to`lov-kontrakt asosida o`qishga tavsiya etilgan talabalar uchun ajratiladi.
2021 yil sentyabr oyi holatiga yangi tartibga asosan 13ta ta`lim krediti uchun 215 mln sum ajratilgan. Kredit yillik foiz miqdori O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining amaldagi asosiy stavkasi, ya`ni 14 foizdan berilgan. Bunda, Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, ta`lim krediti bo`yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasayadi, Markaziy bankning asosiy stavkasi oshirilgan taqdirda esa ta`lim krediti bo`yicha foiz stavkasi o`zgarishsiz qoladi.
Ta`lim kreditini Hamkorbank istalgan filialida rasmiylashtirish mumkin. Kredit bo`yicha boshqa ma`lumotlarni bilish uchun 1256 qisqa raqamiga yoki 0 800 1-200-200 raqamiga qo`ng`iroq qilish mumkin.
O`ZMILLIYBANK
“O`zmilliybank” axborot xizmatining xabar berishicha, bugungi kunga qadar “O`zmilliybank” AJ tomonidan yangi tartib asosida 128 nafaar talabaga 1 mlrd. 946 million so`m ta`lim krediti ajratildi. Ushbu ta`lim kreditlarining yillik foiz miqdori O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining amaldagi asosiy stavkasi, ya`ni 14 foizdan berilgan.
Bunda, Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, ta`lim krediti bo`yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasayadi, Markaziy bankning asosiy stavkasi oshirilgan taqdirda esa ta`lim krediti bo`yicha foiz stavkasi o`zgarishsiz qoladi.
“O`zmilliybank” AJdan ta`lim krediti olish uchun fuqarolarimiz bankning barcha hududiy va tuman (shahar) filiallariga murojaat qilishlari mumkin. Shuningdek, (78) 148-00-10 raqami orqali ma`lumot olishlari mumkin.
ASAKABANK
Kim Pavel Viktorovich – “Asakabank” AJ chakana biznes Departamenti direktori o`rinbosari:
— “Asakabank” AJ filiallari va Bank xizmatlari markazlari tomonidan O`zbekiston Respublikasi fuqarosi bo`lgan talabalarga milliy valyutada ta`lim kreditlari ajratilishi yo`lga qo`yilgan.
Yangi tartib joriy qilinganidan so`ng bugungi kunga qadar bank filiallari tomonidan 270 nafar talabaga jami 4 mlrd 697,7 mln.so`m miqdorida ta`lim kreditlari ajratildi.
Bankning barcha filiallari va Bank xizmatlari markazlariga yangi tartibdagi ta`lim kreditlarini rasmiylashtirish uchun murojaat qilish mumkin. Bank qisqa raqami 1152.
MA`LUMOT O`RNIDA:
Barcha tijorat banklari Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 avgustdagi “Oliy ta`lim tashkilotlarida to`lov-kontrakt asosida o`qish uchun ta`lim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori va O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta`lim kreditini moliyalashtirish jamg`armasi hisobidan tijorat banklari orqali oliy ta`lim tashkilotlarida to`lov-kontrakt asosida o`qish uchun ta`lim kreditlarini ajratish tartibi to`g`risidagi nizom asosida ta`lim krediti ajratadi.
Ta`lim kreditlari bo`yicha mablag`lar oliy ta`lim tashkilotlariga tijorat banklari tomonidan ta`lim krediti shartnomasida ko`rsatilgan shartlarda o`quv yili mobaynida o`qish uchun yillik to`lovning to`liq miqdorini belgilangan tartibda, teng ulushlarda to`rt qismga bo`lish yo`li bilan o`tkaziladi.
Maftuna Jo`raeva surishtirdi






