AsosiyJamiyat

Sirdaryoda noyob lochinlarni 280 million so`mga pullamoqchi bo`lgan shaxslar qo`lga tushdi

'Sirdaryoda noyob lochinlarni 280 million so`mga pullamoqchi bo`lgan shaxslar qo`lga tushdi'ning rasmi

Amaldagi tartiblarga ko`ra, hayvonot dunyosi ob`ektlarini respublikamiz hududiga olib kirish yoki olib chiqish O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni himoya davlat qo`mitasi tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi. 

Respublika bojxonachilari mazkur tartiblarga rioya qilmay noyob qushlarni bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o`tishga uringan shaxslarni to`xtatib qolishdi.

 Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati "Darakchi"ga ma`lum qildi.

Ta`kidlanishicha,  Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasining tezkor tuzilmalari tomonidan davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda O`zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan lochinlarni ona tabiatdan ajratib olib, pullashga uringan shaxslar to`xtatib qolingan. 

Tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi “Kamaz” yuk avtotransport vositasi “Sirdaryo” chegara bojxona postida to`xtatilib, belgilangan tartibda ko`zdan kechirilganida, salondagi sport sumkasiga 8 bosh lochinlar yashirilganligi fosh bo`ldi. Boz ustiga qushlarga shafqatsizlarcha munosabatda bo`lingan, jonzotlar sumkaga ularning hayoti uchun xavfli tarzda zichlab joylashtirilgan.

Shu kuni tezkor tadbir Sirdaryo tumanida ham davom ettirilib, ushbu qushlarni sotib olayotgan shaxs ham qo`lga olinadi.

Mazkur holatda ushlab qolingan 8 bosh lochinlar O`zbekistonning 2019 yilda chop etilgan Qizil kitobiga kiritilgani va tabiatan kamyob hisoblanishi, ularni ovlash taqiqlanishi aytilmoqda. 

Ma`lumot uchun, lochinlarning 6 tasi Qizil kitobga Itolg`i nomi bilan kiritilgan bo`lib, ular tobora yo`qolib borayotgan tur hisobanadi. 

Surishtiruvlar davomida ma`lum bo`lishicha, qonunbuzarlar ushbu qushlarni 280 mln. so`mga pullamoqchi bo`lishgan. 

"Hozirda lochinlar Toshkent hayvonot bog`iga vaqtincha saqlovga topshirildi va mutaxassislarning doimiy nazorati ostida parvarishlanmoqda. Holat yuzasidan esa bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda",–deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar