Farg`ona viloyat transport boshqarmasi vakillari hamda Farg`ona va Qo`qon shaharlarida transport sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar Turkiyaning Gebze shahrida joylashgan “Anadolu Isuzu” zavodida bo`lib turibdilar, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.
Viloyat hokimligi hamda Turkiyadagi “Uludag`” avtomobil sanoati eksportchilari uyushmasi (Uludağ Otomotiv Endüstrisi İhracatçıları Birliği) hamkorligida uyushtirilgan ushbu tashrifdan ko`zlangan maqsad, viloyatimizda yo`lovchi tashish tizimini yaxshilash uchun xorijda ishlab chiqarilgan zamonaviy va qulay avtobuslarni olib kelish imkoniyatlarini o`rganishdir.
Viloyatimiz vakillari “Anadolu Isuzu” zavodida bo`lib, ishlab chiqarish jarayonlari hamda avtobuslarning sifati bilan tanishdilar. Kompaniya rahbarlari bilan o`tkazilgan muzokaralarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi va dastlabki kelishuvlarga erishildi.
1965 yilda tashkil etilgan hamda bugungi kunda asosan shahar ichi, shaharlararo hamda turizm avtobuslari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ushbu zavod, 1983 yildan beri Yaponiyaning “Isuzu” kompaniyasi bilan hamkorlikda ish olib boradi. Uch qit`aning 26 mamlakatiga o`z mahsulotlarini eksport qilib kelayotgan ushbu korxona avtobuslari, 2003 yildan beri Evropa ittifoqi mamlakatlari bozoriga ham keng sotiladi.






