Yangihayot tumani sudida uch kunlik chaqalog`ini sotishga uringan ayolga 5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Yangihayot tumani sudida uch kunlik chaqalog`ini sotishga uringan ayol ustidan sud majlisi bo`lib o`tdi.
Qayd etilishicha, sudlanuvchi ayol bundan etti yil oldin 1987 y.t. erkak bilan shar`iy nikohdan o`tgan va u bilan yashab kelgan. Ikki nafar farzandi dunyoga kelgach, ular qonuniy nikohdan o`tgan. Ammo oilaviy mojarolar sabab ayol 2019 yilda uydan chiqib ketgan. 2021 yilda yana homilador bo`lib qolgan va tug`ilajak farzandini sotish yo`llarini qidirgan.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi va tuman IIB xodimlari chaqaloqni 18 ming dollarga sotmoqchi bo`lgan paytda qo`lga olishdi.
Sud majlisida ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 135-modda 3-qismining «a» bandi (Odam savdosi o`n sakkiz yoshga to`lmaganligi aybdorga ayon bo`lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo`lsa) bilan aybdor deya topilgan va unga 5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.
Ayblanuvchining turmush o`rtog`i chaqaloq uning farzandi bo`lmagani sabab uni olib ketishdan bosh tortgan va u bolalar uyiga joylashtirilgan.






