AsosiyJamiyat

Toshkent yashash uchun qulay yashil shaharga aylantirilib, sharqiy yo`nalishga qarab kengaytiriladi

'Toshkent yashash uchun qulay yashil shaharga aylantirilib, sharqiy yo`nalishga qarab kengaytiriladi'ning rasmi

Tahlillarga ko`ra, 2026 yilga borib, poytaxt aholisi 3,2 million nafardan ortishi kutilmoqda. Yana yarim milliondan ziyod odam kuniga shaharga kelib ketadi. Bu ma`lumotlar ayni paytda O`zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoev ishtirokida bo`lib o`tayotgan saylovoldi tashviqot yig`ilishida keltirildi, deya xabar bermoqda “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.

Bu esa o`z navbatida, shahar infratuzilmasi, ta`lim, tibbiyot, jamoat transporti, uy-joy kommunal va boshqa barcha sohalarga yuklamani ancha oshishiga olib keladi.

Shularni inobatga olib, amaldagi prezident kelgusi besh yilda Toshkent shahrini rivojlantirish bo`yicha o`z takliflarini sanab o`tdi. Shu maqsadda Toshkent shahri quyidagi konsepsiyalar asosida rivojlantiriladi:

- “Toshkent yashash uchun qulay yashil shahar”;  

- “Biznes uchun ulkan imkoniyatlar shahri”;

- “Mintaqaviy investisiyalar markazi”;

- “Raqamli poytaxt”;

- “Bilim va innovasiyalar shahri”;

- “Poytaxt – madaniyat va ma`rifat bulog`i”;

- “Sog`lom turmush va sifatli tibbiyot”.

Shavkat Mirziyoevga ko`ra, Toshkent shahri hududi joriy yilda 8 ming gektarga kengaytirildi. Poytaxtning arxitekturasi va qiyofasini saqlab qolish maqsadida, ushbu hududda “Yangi Toshkent” konsepsiyasi amalga oshiriladi va bosqichma-bosqich shahar sharqiy yo`nalishga qarab kengaytiriladi. Jumladan:

-  Bektemir tumanida 20 ming xonadonli zamonaviy massiv barpo etilib, bog`cha, maktab, tibbiyot muassasasi va dam olish markazlari quriladi.

-  Yangihayot tumanida infratuzilmaga yaqin hududda, yirik massiv shaklida 200 ta ko`p qavatli uylar qurilib, 10 mingdan ortiq oilaning turmush sharoiti yaxshilanadi. Shuningdek, ushbu hududlarda yangi korxonalar, sanoat zonalari, aholi dam olish maskanlari, iqtisodiy va ijtimoiy ob`ektlar quriladi.

-  Shahar hududidagi avariya holatiga kelgan, 60-70 yil avval qurilgan ko`p qavatli uylar o`rniga, zamonaviy turar-joylarni barpo etish bo`yicha “renovasiya dasturi” amalga oshiriladi.

-  Yangihayot tumanining “Sputnik” mavzesidagi yashashga yaroqsiz holga kelib qolgan 400 dan ziyod 2 qavatli yog`och uylar o`rnida yangi ko`p qavatli uylar qurilib, 4,5 ming oila yangi zamonaviy xonadonlar bilan ta`minlanadi.

“Bunda ushbu uylarda yashaydigan aholini rozi qilib, ularga yangi uylardan maqbul takliflar berilishi shart”, - dedi prezidentlikka nomzod.

Shu bilan birga Shavkat Mirziyoev uy-joyga muhtoj oilalar uchun 14 trillion so`mdan ortiq ipoteka kreditlari ajratilib, dastlabki badal va foiz to`lovlarini qoplash uchun 5 ming nafar oilaga subsidiya berilishi, ularning xohishiga qarab, ikkilamchi bozordan uylarni sotib olishlariga ham ruxsat berilishini ma`lum qildi.

    Boshqa yangiliklar