Shavkat Mirziyoev toshkentliklar bilan uchrashuvlaridan birida Toshkent shahridagi har bir mahallaga 2 milliard so`m ajratlishini aytgan edi. Hozirda bu mablag`lar maqsadli sarflanib, poytaxt mahallari ko`chalari ta`mirlanib, bolalar maydonchalari, avtoturargohlar qurilmoqda.
“Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoev ishtirokidagi yig`ilishdan xabar berishicha, endilikda Toshkent shahridagi 575 ta mahallani rivojlantirish bo`yicha shahar hokimligi qoshida alohida jamg`arma tashkil etiladi hamda har bir mahallaga 10 milliard so`mdan ajratiladi.
Amaldagi prezident ajratilgan mablag`larni jamoatchilik takliflari va ularning bevosita nazorati ostida sarflanayotgani o`z samarasini berganini ta`kidlab, bu mablag`lar qaerlarga qanday sarflanishi haqida ham ma`lum qildi.
“Bu shahar bo`yicha qariyb 600 million dollar mablag` deganidir. Bunda, ushbu mablag`larning 5 milliard so`mi aholi takliflari asosida, ochiq va shaffof “Fuqarolar byudjeti” tizimidan foydalanib, eng dolzarb bo`lgan ijtimoiy va kommunal loyihalarga sarflanadi. Yana 5 milliard so`mi esa, mahallada bandlikni ta`minlash, kichik va oilaviy tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlashga yo`naltiriladi. Ushbu mablag`dan samarali foydalanishga yangi ish boshlaydigan hokim yordamchilari mas`ul bo`ladi”, dedi u.






