AsosiyJamiyat

Farg`onada to`rt farzandi bilan ko`chada qolgan ayol holati Senat tomonidan o`rganildi

'Farg`onada to`rt farzandi bilan ko`chada qolgan ayol holati Senat tomonidan o`rganildi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Farg`ona viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro M.Saidova 4 nafar farzandi bilan ko`chada qolganligi bilan bog`liq videolavhalar Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi tomonidan o`rganildi.

O`rganishlar jarayonida tarqalgan videolavha bundan 2 oy avval dastlab e`lon qilingani, unda aks etgan fuqaro M.Saidova 1978 yilda Farg`ona viloyati, Qo`shtepa tumanida tug`ilgan va doimiy ro`yxatdan turgani aniqlangan.

M.Saidova Andijon viloyatiga turmushga chiqqan bo`lib, hozirda o`z oilasi bilan birga yashamaydi. Andijon viloyatida ushbu oilaning barcha sharoitlarga ega 20 sotixdan iborat hovli joyi mavjud. M.Sayidovaning turmush o`rtog`i u va farzandlari bilan birga yashash niyati borligini, ular qaytib Andijondagi hovlida birga yashashlari mumkinligini bildirgan.

Bundan tashqari, M.Saidova Farg`ona viloyatiga qaytgach, unga Qo`shtepa tumanidan vaqtincha yashash uchun turar-joy taklif qilingan, biroq ayol buni rad etgan.

Lekin M.Saidova Farg`ona shahar, Yangi asr ko`chasi, 190-uy 42-xonadonga noqonuniy tarzda kirib o`rnashib olgan. Ushbu xonadon shahar hokimligining 2018 yil 11 iyulda order asosida Mehribonlik uyida tarbiyalanib chiqqan, ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan fuqaro Timur Budeskoga Etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni turar joylar bilan ta`minlash bo`yicha belgilangan tartibda xususiylashtirish huquqisiz, ijara asosida biriktirib berilgan.

Fuqaro Budesko 2019 yilga qadar ushbu xonadonda yashab, Rossiya Federasiyasiga ishlash uchun chiqib ketishidan oldin Uy-joy kodeksida belgilangan tartibda chet elga ishga ketgan davrida turar joyga bo`lgan huquqini saqlab qolishga guvohnoma (bron) olish uchun shahar hokimligiga murojaat qilmagan, hech qanday asossiz bu xonadonni Farg`ona shahar, Yangi asr ko`chasi, 190-uy 64-xonadonda yashovchi fuqaro O`g`ilchaxon Baxtaxunovaga topshirib ketgan.

Shahar hokimligining xo`jalik hisobidagi uy-joy bo`limi mutaxassislari tomonidan olib borilgan xatlovlar natijasida, fuqaro O`.Baxtaxunova tanishi M.Sayidovani o`zaro kelishuv asosida mazkur xonadonga o`zboshimchalik bilan noqonuniy tarzda joylashtirgani ma`lum bo`lgan.

Yuqoridagi holat yuzasidan fuqarolar O`.Baxtaxunova va M.Sayidovalarga davlat uy-joy fondidan foydalanish tartibi qo`pol ravishda buzilganligi, ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan fuqaroga ijara asosida berilgan ushbu xonadondan begona shaxslar foydalanishi qonunga zid ekanligi bo`yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan.

M.Sayidovaning uy-joy sharoiti o`rganilgan, u uy-joyga muxtojligi yuzasidan shahar hokimligiga shu kunga qadar ariza bilan murojaat etmagan va uy-joyga muhtoj bo`lgan oilalar sifatida shahar hokimligida hisobda turmasligi aniqlangan. Unga davlat uy-joy fondidan turar joy olish uchun belgilangan tartibda yashash joyidagi mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza berish yo`li bilan navbat tartibida olishi mumkinligi tushuntirilgan.

Ushbu xonadon bo`yicha kelib chiqqan nizolarni qonuniy hal etish uchun Farg`ona shahar hokimligi tomonidan Fuqarolik ishlari bo`yicha Farg`ona tumanlararo sudiga da`vo arizasi kiritilgan va sud tomonidan qaror qabul qilingunga qadar fuqaro M.Sayidovaning manfaatini ko`zlagan holda Farg`ona shahar hokimligi tomonidan Yangi asr ko`chasi, 190-uyning 42-xonadoniga joylashtirilgan va hozirgi kunga qadar yashab kelmoqda.

    Boshqa yangiliklar