AsosiyJamiyat

«O`tkan kunlar» romanini ingliz tiliga o`girgan Mark Rizga va`da qilingan gonorar to`lab berildi

'«O`tkan kunlar» romanini ingliz tiliga o`girgan Mark Rizga va`da qilingan gonorar to`lab berildi'ning rasmi

Abdulla Qodiriyning «O`tkan kunlar» romanini ingliz tiliga o`girgan Mark Rizga va`da qilingan gonorar to`lab berildi. Bu haqda u Twitter’da ma`lum qildi, deya xabar bermoqda Daryo.

«Menga yuqori martabali amaldorlar murojaat qildi va muammo hal qilib berildi. Muammo shundaki, xodimlar bu jarayonni O`zbekiston fuqaroligi bo`lmagan shaxs bilan qanday rasmiylashtirishni bilmagan va bu ish besh oyga cho`zilgan. Muammoni hal qilib bergani uchun hukumatga rahmat!», — deb yozadi Mark Riz.

Ma`lumot uchun, Mark Riz Shavkat Mirziyoev nomidan va`da qilingan pul mukofoti 5 oydan beri to`lanmaganini ma`lum qilib, Prezidentga murojaat qilgan edi.

Markning yozishicha, Abdulla Qodiriyning nabirasi Xondamir Qodiriy uning bu ishga aloqador bo`lmagan do`sti bilan bog`lanib, gonorardan voz kechishni so`ragan.

«May oyida Toshkentdan ketishimdan bir kun oldin hukumatingiz a`zosi — Abdulla Qodiriyning nabirasi Xondamir Qodiriy va ishimga aloqador bo`lmagan do`stim bilan bog`lanib: «Men Prezident Mirziyoev bilan etti daqiqadan so`ng uchrashaman va u Markka tashrifi vaqtida qancha gonorar to`laganimizni bilmoqchi. Biz Markka pul bermadik. U buni kechirib, unuta oladimi, degandi», — deya Yozuvchilar uyushmasi vakilining so`zlarini keltiradi amerikalik tarjimon.

«Unga siz mendan Mirziyoevga yolg`on gapirishimni so`rayapsizmi? Boring, choyingizni iching, deb javob berdim. Bu javobdan so`ng xodimingiz do`stimga tahdid qildi… Men voqea bunday tus olganidan hayratlandim. Bundan bir kun oldin janob Sultonov (prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov — tahr.) bilan ko`rishgan edim, unga o`z taklifimni berdim va uning yuqori darajadagi professional ekanligiga ishonch hosil qildim», — deb qayd etgan tadqiqotchi.

Mark Riz ushbu vaziyat «yuqori rahbariyatning sa`y-harakatlari korrupsiyaga botgan o`rtakashlarning harakatlari bilan puchga chiqarilishini» aks ettiradi, degan xulosaga kelgan.

Uning yozishicha, AQShga qaytganidan so`ng u Yozuvchilar uyushmasi xodimlari va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti vakillari ishtirokidagi Zoom uchrashuviga taklif qilingan. Uchrashuvda unga gonorar berilishi va u tarjima qilgan 1000 ta kitob sotib olinishi ma`lum qilingan. Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetida yiliga 20 ming dollar evaziga ish ham taklif qilingan.

«Bu taklifni rad etishimga to`g`ri keldi, chunki bu maoshga ishlay olmasdim. Ingliz tilini o`rganishlari uchun o`zim to`lashimga to`g`ri kelardi», — deb ta`kidlagan u.

Mark Rizning aytishicha, ushbu qo`ng`iroq vaqtida O`zbekiston tomonidan do`stiga tahdid qilgan va unga gonorarni «unutish va kechirishni» taklif qilgan Yozuvchilar uyushmasi xodimi ham ishtirok etgan.

«Menga o`g`lim bilan Toshkentga ko`chib borib, o`z xavfsizligimni mendan yolg`on gapirishni so`ragan, keyin do`stimga tahdid qilgan kishiga ishonib topshirish g`oyasi yoqmadi. Aynan o`sha shaxs gonorarni taqsimlash va kitoblarni sotib olishga mas`ul bo`lgan», — deb yozadi u Prezidentga qilgan murojaatida.

«Sizga ma`lumki, so`nggi uch yilda o`nlab intervyular berdim, Alisher Navoiy nomidagi universitetda onlayn dars o`tdim va bu vaqt davomida deyarli barcha safarlarni o`z hisobimdan amalga oshirdim. Hafsalam pir bo`ldi, ammo O`zbekistondagi odamlar meni davom etishga ruhlantirdi. Sizning qo`llab-quvvatlashingiz menga turtki berdi. O`zbekistonda halol odamlar nohaqlardan ko`proq. Biroq bir yoki ikki kishi islohotlaringizga osongina putur etkazishi va boshi berk ko`chaga kiritib qo`yishi mumkin. Vositachilarning korrupsiyasi janob Sultonov — professionalga putur etkazadi, eng achinarlisi, sizning O`zbekiston kelajagini qurish yo`lidagi sa`y-harakatlaringizni barbod qilishi mumkin», — deb ta`kidlagan tarjimon.

«Bu islohotlar chippakka chiqmasligi lozim. Administrasiyangizdagi halol insonlarga muvaffaqiyatga erishish imkoniyati berilishi kerak», — deb yozgan Mark Riz va korrupsiyaga botgan kishilarni to`xtatish uchun ushbu bayonotni berishni o`ziga lozim deb topganini qo`shimcha qilgan.

    Boshqa yangiliklar