18 oktyabr kuni Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev poytaxtning 12 ta qadimiy darvozasini tiklash va uning joylashgan koordinatalarini tasdiqlash to`g`risida qarorni imzoladi. Ushbu qaror «E-qaror» portalida e`lon qilindi.
Toshkent shahar hokimligi qoshidagi «Raqamli rivojlanish departamenti» MChJ tomonidan Toshkent shahrining 12 ta qadimiy darvozalarining koordinatalari aniqlangan. Bu uchun arxiv xaritalari zamonaviy xaritalarga bog`langan.
Poytaxt hokimining qaroriga muvofiq, qadimiy darvozalarni tiklash va qurish bo`yicha Toshkent shahar ishchi guruhi tuziladi. Guruh uch oy muddatda qadimiy darvozalarning namunaviy loyihalarini tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishib, ishlab chiqishi lozim.
Qadimiy darvozalarni qayta tiklash va qurish bo`yicha buyurtmachi etib — Toshkent shahar hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi belgilangan. Bosh loyihachi va bosh pudrat tashkilotlari tender o`tkazish yo`li bilan aniqlanadi.
Qadimiy darvozalarni qayta tiklash uchun tasdiqlangan koordinatalarga muvofiq, yaqin bo`lgan hududlardan er maydonlari chegeralari aniqlanadi va davrozalar qurilishi uchun ajratiladi. Bunda obodonlashtirish va turizm infratuzilmalari yaratilishini inobatga olinishi kerak. Ishchi guruh hududlardagi bino va er osti kommunikasiyalarni ko`chirish zaruriyati mavjudligini hisobga olishi lozim.
Er maydonlarini tanlashda qadimiy darvozalarni turizm namoyishi obektlariga kiritish va turistlarni jalb qilish uchun tegishli infrastrukturani joylashtirish inobatga olinishi kerak bo`ladi.






