Avval xabar qilganimizdek, bugun Shavkat Mirziyoev Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. O`z saylovoldi targ`ibot yig`ilishi ma`ruzasida u qiziq bir ma`lumotni aytib o`tdi, deya xabar bermoqda "Darakchi" muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.
Keltirilishicha, dunyoda bola huquqlari bo`yicha dastlabki qonuniy me`yorlar, 1804 yili Fransiya fuqarolik kodeksiga kiritilgan. Biroq Jizzax vohasida kamol topgan huquqshunos alloma Ustrushoniy 13-asrdayoq “Bola huquqlari majmuasi” degan noyob asarini yaratib, go`dakning ona qornida paydo bo`lgan paytidan boshlab, voyaga etguniga qadar bo`lgan huquqlarini mukammal bayon etib bergan ekan.
Shu xususda ulug` huquqshunos alloma Ustrushoniy bobomizning tabarruk xotirasini abadiylashtirish maqsadida Jizzax shahrining markaziy ko`chalaridan biriga uning nomini berish taklifi berildi.
Shu bilan birga Shavkat Mirziyoev mamlakatimizda bolalar huquq va erkinliklarini ta`minlash yo`lida Bolalar Ombudsmani instituti tashkil qilingani, yangi-yangi bog`cha va maktablar, madaniyat, san`at va sport muassasalarining barpo etilayotgani, Mehribonlik uylari tubdan ta`mirlanayotganini bir bor eslab o`tdi.
“Lekin nomini “Mehribonlik uyi” deb ataganimiz, har qancha zo`r sharoit yaratganimiz bilan, baribir, bu dargohlar ota-ona, oilaning o`rnini bosa olmaydi. Shu maqsadda, oilaviy bolalar uylarini tashkil etmoqdamiz. Mehr-oqibatli, bag`rikeng yurtdoshlarimiz ota-ona qaramog`isiz qolgan bolalarni o`z oilalariga farzandlikka qabul qilayotgani hammamizni xursand qiladi. Bunday saxovatpesha insonlar Jizzax viloyatida ham ko`plab topiladi. Mana, masalan, Sharof Rashidov tumanida yashovchi Dilbar Qarshiboeva o`z xonadonida oilaviy bolalar uyini tashkil qilib, besh nafar bolani farzandlikka olgani, alohida tahsinga sazovordir”, dedi u.






