Uzbekistan Airports kompaniyasi xorijiy aviakompaniyalar tomonidan amalga oshiriladigan muntazam qatnovlarga erusti xizmat ko`rsatish tariflari va yig`imlarining yangi ro`yxatini tasdiqladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, quyidagi xizmatlar uchun stavka va to`lovlar pasaytirilmoqda:
- samolyotning qo`nish va chiqish yo`lagini ta`minlash;
- yo`lovchilarning aviasiya xavfsizligini ta`minlash;
- aviasiya xavfsizligini ta`minlash;
- aerovokzaldan foydalanish;
- uchishda yo`lovchilarga xizmat ko`rsatish;
- qo`nishda yo`lovchilarga xizmat ko`rsatish;
- CUTE platformasiga kirish.
O`rtacha tariflarning pasayishi 15 foizga teng bo`ladi. Narxlar va to`lovlarning yangilangan ro`yxati 31 oktyabrdan — IATA 2021/2022-qish mavsumining boshidan boshlab kiritiladi.
«O`zbekistonga xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilish uchun biz aeroportlarimizning jozibadorligi va raqobatbardoshligini oshirishga intilamiz, jumladan, xizmat paketlarini alohida variantlarga bo`lish va ularning qiymatini kamaytirish orqali. Aviakompaniyalar uchun tariflarning pasayishi amalga oshirilayotgan reyslar narxini pasaytirish va yo`lovchilar uchun aviachiptalar narxini pasaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish imkonini beradigan muhim qadam bo`ldi», — deydi Uzbekistan Airports AJ boshqaruvi raisi Ra`no Jo`raeva.
Uning so`zlariga ko`ra, kompaniya vositachilarsiz to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar bo`yicha ishlashni yo`lga qo`yadi. «Ya`ni, aeroport to`g`ridan-to`g`ri aviakompaniya bilan shartnoma tuzadi va aviakompaniya faqat kerakli xizmatlarni sotib oladi», — deya ta`kidlaydi u.






