AsosiyJamiyat

YuNESKO Ijroiya kengashi O`zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan tarixiy hujjatni qabul qildi

'YuNESKO Ijroiya kengashi O`zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan tarixiy hujjatni qabul qildi'ning rasmi

20 oktyabr kuni YuNESKOning ikki asosiy boshqaruv organlaridan biri - Ijroiya kengashi o`zining navbatdagi 212-sessiyasini yakunladi. Ushbu tadbir O`zbekiston uchun tarixiy ahamiyatga ega bo`ldi, zero uning doirasida O`zbekiston tomonining YuNESKO Ijroiya kengashi tomonidan tasdiqlangan birinchi hujjati hisoblangan "Xiva jarayoni: Markaziy Osiyoda xalqaro hamkorlikni targ`ib qilish" qarori loyihasi qabul qilindi.  Bu xaqda Turizm va sport vazirligi Axborot xizmati xabar qilmoqda.

Hujjatda joriy yilning 14-16 sentyabr kunlari O`zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan Xivada tashkil etilgan "Markaziy Osiyo – jahon sivilizasiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumi yakunlari bo`yicha yo`lga qo`yilgan "Xiva jarayoni" deb nomlangan yangi hamkorlik platformasini yaratish taklif qilingan. U “Xiva jarayoni”ni yo`lga qo`yishga doir qarorni olqishlaydi hamda YuNESKO Bosh direktoridan mazkur tashabbusni muntazam ravishda amalga oshirish yo`lidagi barcha sa`y-harakatlarni qo`llab-quvvatlashni so`raydi, shuningdek a`zo-davlatlar va sheriklarni Markaziy Osiyo hamda uning tashqarisida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida ushbu platformaga ko`mak berishga chaqiradi.

Mintaqaviy xususiyatiga qaramay, Hujjatni qo`llab-quvvatlash qamrovi diqqatga sazovordir. Ushbu tashabbus Ozarboyjon, Bangladesh, Belarus, Bolgariya, Vengriya, Gabon, Germaniya, Kongo Demokratik Respublikasi, Misr, Italiya, Qozog`iston, Xitoy, Qirg`iziston, Kuvayt, Meksika, Birlashgan Arab Amirliklari, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Serbiya, Tojikiston, Tunis, Turkiya va Efiopiya (jami 23 davlat) tomonidan rasmiy tasdiqlangani buning yaqqol dalilidir.

YuNESKO Bosh direktorining ijtimoiy va gumanitar fanlar bo`yicha o`rinbosari, Xiva forumida ishtirok etish uchun YuNESKO delegasiyasini boshqargan g.Ramos, shuningdek, hujjatning boshqa hammualliflari O`zbekiston tomonga ushbu tashabbusni ilgari surgani uchun minnatdorlik bildirdi. Bu davlatlar kelgusi yillarda “Xiva jarayoni” doirasida qo`yilgan eng muhim vazifalarni bajarish uchun boshqa davlatlar qatorida O`zbekiston bilan samarali hamkorlik aloqalarni o`rnatishga tayyor ekanliklari haqida ma`lum qilishdi.

Ishtirokchilar O`zbekiston Prezidentining joriy yil sentyabr oyida Xiva forumini tashkil etish bo`yicha tashabbusidan kelib chiqqan ushbu tarixiy davr YuNESKO mandatini ilgari surish uchun global va mintaqaviy hamkorlikning rivojlanishini ta`minlashga xizmat qiluvchi noyob platforma yaratish uchun mustahkam zamin yaratishini ta`kidlashdi.

O`zbekiston tomon ushbu tashabbus tarafdorlari ko`magida aynan shu nomdagi rezolyusiyani ilgari surishga oid ishlarni boshladi. Rezolyusiya YuNESKO Bosh konferensiyasining 41-sessiyasida (9-24 noyabr kunlari Parij shahrida bo`lib o`tadi) ko`rib chiqilishi va tasdiqlanishi uchun kiritiladi.

    Boshqa yangiliklar