Ombudsman ko`magi bilan fuqarolar muammolari hal etilmoqda. Xususan, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakiliga Jizzax viloyati, Zarbdor tumani “Adirobod” QFYda istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolar murojaati kelib tushgan. Unda murojaatchilar mahallada aholi uchun gaz, ichimlik suvi ta`minotini yo`lga qo`yish, poliklinika va ijtimoiy ob`ektlar yo`qligidan norozilik bildirishgan.
Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olingach, Sog`liqni saqlash vazirligi orqali “Adirobod” QFYda joylashgan sobiq QVP binosi oilaviy shifokorlik punkti sifatida qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgan.
Hozirda ushbu muassasada ishlovchi shifokor va potranaj hamshiralar aholiga tibbiy xizmat ko`rsatib kelishayotgani ma`lum bo`ldi.
Ichimlik suvi bilan bog`liq muammo o`rganilganda esa hozirda “Adirobod” QFY aholisiga markazlashgan ichimlik suvi grafik asosida berilishi, ushbu mahalladagi yangi qurilgan xonadonlar ichimlik suvini tashib iste`mol qilishlari ma`lum bo`lgan.
Ushbu muammoni hal etish maqsadida “2021-2025 yillarga mo`ljallangan tuman markazlari kesimida ichimlik suvi ta`minoti tizimlarini kompleks rivojlantirish dasturining yig`ma parametrlari” hamda Jizzax viloyat Xalq deputatlari Kengashining tegishli qaroriga asosan “Adirobod” QFYga jami 1176,0 mln so`m mablag` ajratilishi hisobiga 2 km yangi ichimlik suvi tarmoqlarini qurish bo`yicha 2022 yil dasturiga takliflar kiritilgan.
Qishloq fuqarolar yig`inidagi gaz muammosi o`rganilganda, bu joy tabiiy gaz etkazib berish qiyin xududlar bo`lgani sababli, ushbu hudud suyultirilgan gazga moslashtirilgani hamda “Zarbdortumangaz” ta`minoti bo`limi tomonidan aholi suyultirilgan gaz bilan ta`minlanib kelinayotgani aniqlangan.