24 oktyabr kuni MSK Matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasi ishtirokida Matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Unda ma`lum qilinishicha, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi birinchi saylov uchastkasi 24 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan 04:00 da Yaponiyaning Tokio, Janubiy Koreyaning Seul shaharlarida ochildi. O`zbekiston Prezidenti saylovi esa AQShning Nyu-York shahrida Toshkent vaqti bilan 25 oktyabr kuni soat 06:00 da yakunlanadi.
Shuningdek, qayd etilishicha, saylovni jami 971 nafar xalqaro kuzatuvchi, jumladan yigirmaga yaqin nufuzli xalqaro tashkilotlardan, xususan Evropada Xavfsizlik Hamkorlik Tashkilotning Parlament Assambleyasi va Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo`stligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Turkiy tilliy davlatlar hamkorlik kengashi, Turkiy kengash Parlament Assambleyasi hamda Islom hamkorlik tashkiloti va boshqalar xalqaro tuzilmalardan jami 631 nafar, dunyoning 50 ga yaqin davlatidan 340 nafar xalqaro kuzatuvchilar bevosita kuzatib boradi. Shuningdek, Saylov jarayonlarida ochiqlik va oshkoralikni ta`minlash maqsadida jami 197 ta mahalliy ommaviy axborot vositalarining 1439 nafar vakillari va 140 dan ortiq nufuzli xorijiy ommaviy axborot vositalarining 233 nafar jurnalistlari, umumiy hisobda 1672 nafar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditasiyadan o`tkazildi.
Eslatib o`tamiz, 2021 yil 14-20 oktyabr kunlari mamlakatimizda va horijda tashkil etilgan saylov uchastkalarida muddatidan avval ovoz berish jarayonlari bo`lib o`tdi. Unda jami 421 618 nafar O`zbekiston Respublikasining fuqarolari muddatidan oldin ovoz berishda ishtirok etdi. Jumladan, ularning 301 094 nafari O`zbekiston hududida ovoz bergan bo`lsa, 120 524 nafar saylovchi xorijdan ovoz berdi. Muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari 20 oktyabr soat 19.00 da to`xtatildi.






