“Sug`urta bozorini raqamlashtirish va hayot sug`urtasi sohasini rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi
Qarorga muvofiq, 2022 yil 1 iyuldan sug`urtaning barcha turlarini (klasslarini) elektron shaklda amalga oshirishga ruxsat beriladi.
2023 yil 1 yanvardan majburiy sug`urtaning barcha turlari bo`yicha sug`urta polislarini qog`oz blankalarda rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi.
2022 yil 1 yanvardan 2025 yil 1 yanvargacha hayot sug`urtasi sohasidagi sug`urta tashkilotlarining mazkur faoliyati qismi uchun hisoblanadigan foyda solig`i bo`yicha belgilangan soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.
2022 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 yanvargacha ish beruvchi tomonidan o`z xodimlari uchun baxtsiz hodisalardan ehtiyot shart sug`urta qilish va tibbiy sug`urta turlari bo`yicha tuzilgan sug`urta shartnomalari asosida O`zbekistonda sug`urta faoliyatini amalga oshirishga lisenziyasi bo`lgan yuridik shaxslarga yo`naltiriladigan mablag`lar jismoniy shaxslarning jami daromadi sifatida qaralmaydi.
2022 yil 1 iyungacha transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urta qilish bo`yicha yagona axborot tizimi negizida barcha sug`urta polislarini ro`yxatga oluvchi va ularning aylanmasini nazorat qiluvchi yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etiladi.
Sug`urta shartnomalarini Yagona axborot tizimi orqali rasmiylashtirish sug`urta tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
2022 yil 1 iyuldan inflyasiyaga bog`langan davlat qimmatli qog`ozlari chiqariladi.






