Toshkentda sharmandali videoni tarqatish bilan qo`rqitgan tovlamachilar ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum bo`lishicha, Mahmud (ismlar o`zgartirilgan) “Instagram” ijtimoiy tarmog`i orqali Dilsora bilan tanishib, unga sevgi izhor qiladi, uylanishini aytadi. Qabih niyatini amalga oshirish maqsadida o`zini betoblikka solib, holidan xabar olish uchun qizni o`zi yashayotgan uyiga chaqiradi. Sodda qiz yigitning gapiga ishonib, uyiga kelganida u bilan yaqinlikda bo`lmoqchi bo`lgan holatni yashirin ravishda telefonga videoga oladi. Bu kamlik qilgandek, Dilsora ustiga kiyimini kiyayotgan jarayonni ham suratga oladi. Keyinchalik u mazkur video va fotosuratlarni Dilsoraning ota-onasiga ko`rsatish, tarqatib yuborish bilan qo`rqitib, undan bir dona narxi 2.500.000 so`mlik ayollar tilla uzugi va bir juft narxi 1.000.000 so`mlik ayollar tilla ziragini qo`lga kiritadi.
Mushugini hech kim pisht demaganidan ilhomlandi
Mahmud qizdan olgan tilla buyumlar bilan chegaralanmay, jinoiy xatti-harakatlarini davom ettiraveradi. Yuqoridagi sir saqlanishi lozim bo`lgan ma`lumotlarini oshkor qilish bilan qo`rqitib, bir necha marotaba Dilsoradan bo`lib-bo`lib, turli miqdordagi AQSh dollarlarini oladi. Uning mushugini hech kim pisht demaganidan ilohomlanib, bu haqda manzil koloniyasida jazo muddatini o`tayotgan tanishi Anvarga maqtanadi. Ular jinoiy til biriktirgan holda qizdan yanayam ko`proq pul undirish maqsadida turli xil bahonalarni o`ylab topishadi. Sharmanda bo`lishdan qo`rqqan Dilsora ularga o`n oy davomida bo`lib-bo`lib, jami 10.000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olib kelib beradi. Ular olingan pullarni o`zaro bo`lib olgan holda o`zlarining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborishadi.
O`g`rini qaroqchi urdi
Bu orada Dilsora “Telegram” orqali o`zini go`yoki “Farrux va Behzod” deb tanishtirgan, aslida qiz bola bo`lgan Nilufar bilan tanishib qoladi. U Dilsora bilan sevgi-muhabbat haqida gaplashib yuradi, unga uylanmoqchi ekanligini aytadi. Onamni sovchilikka yuboraman, deb Dilsora yashaydigan mahallasidan surishtirgani va uning ilgari boshqa yigit bilan sevishib yurganini eshitganini, bor gapni o`z og`zi bilan ro`y-rost aytib berishini so`raydi va bunga ko`ndiradi. Dilsora unga avval Mahmud bilan sevishganligini, uning uyiga borganida yaqinlik qilishgan jarayonini suratga olganini, keyinchalik bu video va fotosuratlarni ota-onasiga ko`rsatish yo`li bilan qo`rqitib, pul olganini gapirib beradi. Bunday muhim ma`lumotga ega bo`lgan Nilufar ham o`z tilidan tutilgan Dilsoradan pul undirish fikri tug`iladi. U qizni mazkur videolarni ota-onasiga ko`rsatish bilan qo`rqitadi. O`zini pulni olishga kelgan “Farrux”ning singlisi “Iroda” sifatida tanishtirib, undan dastlab 300 AQSh dollarini, so`ngra 400 AQSh dollarini oladi. Bel og`ritmay pul topishning bu usuli yoqib qolgach, Nilufar Dilsorani qo`rqitib, yana 600 AQSh dollarini talab qiladi va bu pulni qo`lga kiritadi. Nilufar shuncha olingan dollarlar bilan taskin topmay, ishtahasi karnay bo`lib, Dilsoraga “Endi 5000 AQSh dollari berasan, bo`lmasa sharmanda qilaman”, deydi. Tanishi Nosirga tegishli mashinada pulni olish uchun Dilsoraning uyiga borib, Nosirni “Farrux” deb tanishtiradi. Dilsora buncha katta pulni birdan berolmasligini aytib, ularga mazkur miqdordagi pulni bo`lib-bo`lib beradi. Tovlamachilarning nafsi hakalak otayotganini ko`rib, jinoyat haqida ichki ishlar bo`limiga murojaat qilishga majbur bo`ldi. Nilufar va Nosir hech narsadan bexabar holda navbatdagi 300 dollarni qo`lga kiritayotgan vaqtda Toshkent shahar IIBB JQB tezkor vakillari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi.
Jinoyatchilarga jazo tayinlandi
Muhammad QAYUMOV, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi:
Nilufar JK 165-moddasi 2-qismining “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. JKning 72-moddasiga asosan unga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 2yil sinov muddati belgilandi.
Mahmud va Nosir JKning tegishli moddalari bilan aybdor, deb topilib, ularning har biriga nisbatan 5 yil, Anvarga esa uzil-kesil 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.






