Bugun, 25 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o`rinbosari Farhod Arziev Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi (DIIHB) direktori Matteo Mekachchi bilan uchrashuv o`tkazdi. Bu haqda vazirlikning Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Muloqotda, shuningdek, DIIHB saylovlarni kuzatish missiyasi rahbari O.Merfi, Parlament Assambleyasi vise-prezidentlari R.Lopatka va D.Ridder, DIIHB Saylov departamenti rahbari M.Fitsdjerald va YXHT PA saylovlar bo`yicha kotibiyat rahbari A.Beyker ishtirok etdi.
Tomonlar so`nggi yillarda O`zbekiston bilan YXHT o`rtasida yo`lga qo`yilgan ochiq va ishonchli muloqotni mamnuniyat bilan qayd etdilar, shuningdek, o`zaro manfaatli sohalarda yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
YXHT delegasiyasiga O`zbekistonda saylov tizimini takomillashtirish, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishni kuchaytirish, fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash, so`z va ommaviy axborot vositalari erkinligi hamda gender tengligini ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar haqida ma`lumot berildi. .
M.Mekachchi saylovni kuzatish missiyasining samarali faoliyat yuritishida barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib bergani uchun O`zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u saylov jarayoniga tayyorgarlik ko`rish va o`tkazish jarayonida mamlakatimiz namoyon etgan ochiqlik va konstruktivlikni olqishladi.






