"O`zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining kafolatlari to`g`risida"gi Qonunga qo`shimcha kiritildi.
Kiritilgan ko`shimchaga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti O`zbekiston Respublikasi Prezidentining belgisi va shtandartiga (bayrog`iga) ega bo`ladi.
Prezident belgisi va shtandarti (bayrog`i) tavsifi, ulardan rasmiy foydalanish tartibi Prezident tomonidan belgilanadi.
Ushbu Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.
Ma`lumot o`rnida:
Shtandart – maxsus turdagi bayroq. Xorijiy davlatlarda u prezidentlik belgisi (ramzi) hisoblanadi. Shtandart (bayroq) Prezident ishtirok etadigan barcha muhim tadbirlarda, inaugurasiya (qasamyod qabul qilish) paytida hamda Prezident qarorgohlarining binolari va xizmat xonalarida ko`tariladi.
Prezident belgisi – Prezidentning farqlovchi rasmiy belgisi. Bu belgi Prezidentlik lavozimiga saylangan shaxsni o`z lavozimiga yuklatilgan og`ir vazifalarni samarali amalga oshirishida xalq va jamiyat tomonidan bildirilgan ishonch belgisi sifatida xizmat qiladi. Prezident belgisi ushbu lavozimga saylangan shaxsga lavozimga kirishish chog`ida u qasamyod qabul qilganidan so`ng topshiriladi va konstitusiyaviy vakolat muddati tugagunga qadar Prezidentda saqlanadi.






