Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi loyihasida yillik mehnat ta`tili bo`yicha muddatlarni uzaytirish nazarda tutilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan uch o`qishda qabul qilinib, ayni damda Senatga jo`natilgan kodeks matnida yillik mehnat ta`tili bo`yicha bir qator yangiliklar mavjud.
Unga ko`ra, yangi kodeksda xodimlarga yillik asosiy mehnat ta`tilining eng kam muddati sifatida 21 kalendar kun ko`rsatilgan. Amaldagi kodeksda esa bu muddat kamida 15 ish kunini tashkil etadi.
Ma`lumot uchun: yangi kodeksda davlat xizmatchilariga beriladigan yillik asosiy uzaytirilgan mehnat ta`tilining aniq muddati belgilab qo`yilmoqda. Ya`ni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xizmatchilariga davomiyligi 27 kalendar kun bo`lgan har yilgi asosiy uzaytirilgan ta`til berilishi mumkin.
Amaldagi tartibga ko`ra, 15 ish kunidan iborat ta`til davlat xizmatchilariga ham tatbiq qilib kelingan va bu muddat jamoa shartnomasiga ko`ra beriladigan qo`shimcha ta`til hisobiga uzaytirilishi mumkin bo`lgan. Kodeks ushbu ko`rinishda qabul qilinsa, davlat xizmatchilari uchun kamida 27 kunlik mehnat ta`tili kafolatlanadi.
Eslatib o`tamiz, loyihaga ko`ra, davlat xizmatchilarining ayrim toifalari uchun qonunlarda belgilangan yillik mehnat ta`tilining 27 kundan ham uzoqroq muddatlari o`z kuchida qoldiriladi va 27 kunlik muddat ushbu uzaytirilgan ta`tillarga tatbiq etilmaydi.






