O`zbekistonning qidiruvda bo`lgan fuqarosi Yu.U. Seuldagi chegara nazorat punktidan o`tayotgan vaqtda qo`lga olindi. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiya agentligi xabar bermoqda.
Yu.U. O`zR JK 168-moddasiga (firibgarlik) asosan, katta miqdordagi firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun Interpol kanallari orqali qidiruvga berilgan edi.
Ma`lum bo`lishicha, Yu.U. Koreya hududida bo`la turib, O`zbekiston firmalari birining vakili bo`lgan O`zbekiston fuqarosi Yu.I.ning ishonchiga kirib, Koreyada ishlash uchun odam topib berishini taklif qilgan.
Yu.I. chet davlatda ishlashni istaganlarni topib, ular banklar orqali Yu.U. hisob raqamiga 507,7 mln so`m (54,6 ming AQSh dollari) o`tkazib yuborgan. Evaziga u Koreyada ishlash uchun taklifnoma jo`natib turgan va noma`lum joyda yashirinib yurgan.
Hozirda uni O`zbekistonga ekstradisiya qilish choralari ko`rilmoqda.