AsosiyJamiyat

Spiker Nuriddinjon Ismoilov Prezident saylovining e`lon qilingan yakunlariga baho berdi

'Spiker Nuriddinjon Ismoilov Prezident saylovining e`lon qilingan yakunlariga baho berdi'ning rasmi

Spiker Nuriddinjon Ismoilov Prezident saylovining e`lon qilingan yakunlariga baho berdi, deya xabar qilmoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot xizmati. 

"Shavkat Mirziyoevning O`zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangani mamlakatimizning barcha fuqarolari g`alabasidir.

O`zbekiston xalqi jamiyatimizda ro`y berayotgan shahdam va davomli yutuqlarni, ko`lamdor ijobiy o`zgarishlarni, oddiy fuqarolarga ko`rsatilayotgan g`amxo`rlik, bag`rikenglik, yuksalayotgan turmush darajasi va odamlarning hayot farovonligi ortib borayotganligini mamnuniyat ila Prezident Shavkat Mirziyoev nomi bilan bog`liq ulkan voqelik deya, e`tirof etadilar. Saylov natijalari mazkur samimiy e`tirofning amaliy isboti bo`ldi.

Ishonchim komilki, Shavkat Mirziyoevning davlat rahbari lavozimidagi bundan keyingi faoliyati ham dastlabki yillarda asos solingan istiqbolli rejalar, keng ko`lamli islohotlarning izchiligini ta`minlaydi va kelajakda mamlakatimizni yanada rivojlantirishda o`zining yorqin ifodasini topadi.

Bugun O`zbekiston xalqaro hamjamiyat tomonidan qudratli, gullab-yashnayotgan, mustaqil, ochiq va demokratik davlat deya e`tirof etilmoqda. Bu Shavkat Mirziyoevning turli davrlarda amalga oshirgan va unga haqli ravishda chinakam milliy etakchi sifatida obro`-e`tibor keltirgan ko`p yillik samarali faoliyati natijasidir.

O`zbekiston xalqining amaldagi Prezidentiga yana bir bor ishonch bildirgani – bu barqaror taraqqiyot uchun, Yangi O`zbekistonning nurli istiqboli uchun berilgan ovozlar ekanligini teran anglamoq zarur.

Saylovchilar aksariyat qismining aynan Shavkat Miromonovich Mirziyoevga ishonch bildirganini esa ular tomonidan davlatimiz tashqi va ichki siyosatining astoydil qo`llab-quvvatlanishi sifatida tushunish mumkin. Shuningdek, mamlakatimiz Prezidenti erishgan yuksak ehtiromning yana bir tasdig`i, Vatanimiz oldidagi ulkan xizmatlarining, etakchilik iqtidori hamda zakovati, u kishining takrorlanmas burch va mas`uliyat sohibi ekanligini alohida e`tirof etish maqsadga muvofiq.

Davlatimiz rahbarining aynan boshqaruvdagi o`ziga xos qobiliyati, tanlagan yo`li O`zbekistonning tinimsiz rivojlanib borishiga imkon bermoqda. Mazkur sa`y-harakatlar demokratik huquqiy davlatchilikni qaror toptirish va millatlararo totuvlikni mustahkamlash yo`lidan og`ishmay olg`a borishni ta`minlaydi.

Shavkat Mirziyoevning yangi prezidentlik muddati mamlakatimizda keskin institusional islohotlarni amalga oshirish, O`zbekistonning iqtisodiy salohiyatini bundanda mustahkamlash, qator ijtimoiy muammolarni adolatli tarzda hal etish va eng asosiy ko`rsatkich – xalq roziligiga erishishdek ezgu, ko`lamdor maqsadlari ushalishiga imkoniyat beradi.

Shuni alohida ta`kidlashni istardimki, biz barchamiz mamlakatimizning tan olingan etakchisi atrofida jipslashishimiz kerak. Shuni chuqur anglagan holda parlament quyi paltasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari umumxalq e`tirofi, ishonchiga va e`zoziga sazovor bo`lgan Prezident Shavkat Mirziyoev olib borayotgan yurtimizni yuksaklikka eltuvchi yo`lni to`liq qo`llab-quvvatlanishini ta`minlashga azmu qaror qilgan", - deyiladi Spekir munosabatida. 

 

 

    Boshqa yangiliklar