“Kelgusi yildan ekinlarni joylashtirish tartibi saqlangan holda, g`allachilik klasterlari va fermerlarga etishtirgan bug`doyni bozor narxida to`liq erkin sotish huquqi beriladi”, dedi prezident Shavkat Mirziyoev bo`lib o`tgan videoselektor yig`ilishida.
“Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning xabar berishicha, har bir g`allachilik klasterlari va fermer xo`jaliklari 3 yil davomida har yilgi hosildan gektariga 2,5 tonna g`allani birja savdolariga erkin narxlarda chiqaradi. Qolgan hosilni esa, to`g`ridan-to`g`ri sotish huquqi beriladi.
Qishloq xo`jaligi jamg`armasidan g`alla etishtirishni imtiyozli kreditlash tartibi kelgusi 3 yilda saqlab qolinadi va bunga yiliga 5 trillion so`m yo`naltiriladi. Jamg`arma 2,5 million tonna g`allani birjadan bozor narxlarida davlat zaxirasi uchun sotib oladi. Sotib olingan zaxira g`alla donni saqlash quvvatlari mavjud g`allachilik klasterlariga, tanlov asosida saqlash uchun joylashtiriladi.
Shuningdek, “O`zdonmahsulot” tarkibidagi donni qayta ishlash korxonalari negizida g`alla klasterlari tashkil etish uchun ular ochiq savdolarga chiqariladi.
Joriy yilda davlat zaxirasiga sotib olingan g`alla hisobiga, klasterlarning qo`shimcha xarajatlarini qoplash uchun, har bir kilogramm bug`doyga 350 so`mdan, jami 800 milliard so`m ajratiladi.






