AsosiyJamiyat

Umra ziyoratchilari endi ro`yxatga yozilish uchun 14 kun kutishmaydimi? Diniy idora ma`lumot berdi

'Umra ziyoratchilari endi ro`yxatga yozilish uchun 14 kun kutishmaydimi? Diniy idora ma`lumot berdi'ning rasmi

Shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Umra ziyoratini amalga oshirmoqchi bo`lgan musulmonlar 14 kun kutishiga doir talab bekor qilindi, degan mazmundagi xabar tarqatildi.

O`zbekiston musulmonlari idorasi tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi. 

Unda aytilishicha, mamlakatimizning Jidda shahrida joylashgan Bosh konsulxonasidagi “Haj” va “Umra” masalalari bo`yicha Attashesi bilan doimiy muloqot qilib, muborak safarlar bilan bog`liq har bir jarayonni diqqat bilan kuzatib bormoqda.

Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi shirkatlar ishlari bosh boshqarmasi ma`lumotiga ko`ra, Podshohlikda epidemiologik vaziyat yaxshilanayotgani, kunlik kasallanish 65 nafarga tushgani, vaksina qilingan aholi 60 foizdan oshishi munosabati bilan umra ziyorati uchun o`rnatilgan bir qator cheklovlar Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan aholi va podshohlikda bo`lib turgan chet-el fuqarolari uchun yumshatilgan.

Jumladan, 28 oktyabr kunidan boshlab, Haj va Umra vazirligining “I`tamarna” (“Umra qildik”) mobil dasturi orqali ayni vaqtda Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan aholi va podshohlikda bo`lib turgan chet-el fuqarolari uchun o`rnatilgan 14 kun ichida faqat bir marotaba umra amalini ado etish cheklovi olib tashlandi. Sodda qilib aytganda, avvalgi tartib bo`yicha Makka shahrida bo`lib turgan fuqaro Masjidul Haramga ehrom kiygan holda umraning tavof va sa`y amalini bir marta bajargandan keyin, navbatdagi umra qilishi uchun 14 kundan keyin ruxsat berilar edi. Endilikda yangi qoidaga ko`ra, Makka shahrida istiqomat qilayotgan aholi yoki ushbu shaharda vaqtincha yashab turgan xorijliklar bir necha bor umra amalini ado etishlari mumkin bo`ladi.

Ta`kidlash zarurki, ushbu engillik faqatgina ayni vaqtda Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan aholi va vaqtincha yashab turgan chet-el fuqarolariga tegishlidir. Xorij mamlakatlaridan keladigan fuqarolarga qo`yilgan cheklovlar bekor qilingani to`g`risida ma`lumotlar mavjud emas.

Boshqa yangiliklar