Bugun Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlarning biznes-forumi o`z ishini boshladi.
O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati ma`lumotiga ko`ra, biznes-forumda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a`zo mamlakatlar davlat organlari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etmoqda.
Forumda O`zbekistondan 50 ga yaqin tarmoq birlashmalari vakillari va tadbirkorlar qatnashyapti. Turkiy kengashga a`zo davlatlar bilan mintaqalararo hamkorlikni yo`lga qo`yish maqsadida Andijon, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent va Farg`ona viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahridan ishbilarmonlar jalb etilgan.
Biznes-forumning rasmiy ochilish marosimida delegasiyalar rahbarlari ishtirokchi davlatlar o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikning yuqori darajasini ta`kidladi. Shuningdek, qo`shma investisiya loyihalarining ko`payishi va uzoq muddatli savdo aloqalarini yo`lga qo`yishning ishonchli dinamikasi qayd etildi.
Ishtirokchilar turkiy mamlakatlarning iqtisodiy salohiyati hamkorlikni yanada rivojlantirish, amaliy kelishuvlarga erishish uchun ustuvor yo`nalishlar bo`yicha fikr almashdi.
Forum doirasida ishbilarmon doiralar vakillarining «V2V» formatidagi uchrashuvlari ham bo`lib o`tmoqda. Unda tomonlar qo`shma investisiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, o`zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish imkoniyatlarini muhokama qiladi.






