AsosiySport

Toshkentda sambo bo`yicha Jahon chempionati boshlandi

Bugun, 12 noyabr kuni poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida sambo bo`yicha kattalar...

'Toshkentda sambo bo`yicha Jahon chempionati boshlandi'ning rasmi

Bugun, 12 noyabr kuni poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida sambo bo`yicha kattalar o`rtasida Jahon chempionatiga start berildi. 46-marotaba tashkil etilayotgan mazkur Jahon chempionatida dunyoning 50dan ortiq davlatidan 400 nafarga yaqin sambochi medallar uchun bahs olib borishadi.

Uch kun davom etadigan musobaqada erkaklar, ayollar hamda jangovar sambo yo`nalishlarining har birida 7tadan vazn toifasida jami 21ta medallar jamlanmasi o`ynaladi.

Biroz avval “Yunusobod” sport majmuasida ushbu Jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Xalqaro sambo federasiyasi prezidenti Vasiliy Shestakov, O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Rossiya Federasiyasi Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti Stanislav Pozdyakov ishtirok etishdi.

Dastavval V.Shestakov so`zga chiqib, yuqori saviyadagi tashkilotchilik va mehmondo`stlik uchun O`zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.

Shundan so`ng so`z Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovga berildi.

“Bugungi kunda O`zbekiston sambochilari nafaqat Osiyo, balki jahonda ham etakchi o`rinlarda e`tirof etilmoqda. Jumladan, shu yil oktyabr oyida Gresiya davlatida bo`lib o`tgan yoshlar va o`smirlar o`rtasida jahon chempionatida sportchilarimiz 6 ta oltin, 3 ta kumush va 8 ta bronza medallarni qo`lga kiritib, umumjamoa hisobida esa 2-o`rinni egallashdi.

O`z navbatida yurtimizda sambo sportiga berilayotgan e`tiborni yuksak darajada baholab, kattalar o`rtasidagi Jahon chempionati mezbonligini O`zbekistonga ishonib topshirganligi uchun Xalqaro sambo federasiyasiga minnatdorlik bildiramiz”.

Respublikamiz madhiyasi sadolari ostida Jahon chempionati ochib berildi. Madhiyadan so`ng tadbirning badiiy qismi bo`lib o`tdi. Taniqli san`atkorlarning badiiy chiqishlari esa muxlislarga xush kayfiyat ulashdi. So`ngra final bellashuvlari boshlandi.

Bugun ishtirokchilar har uchchala yo`nalishda 7ta vazn toifasida bellashdi. Hamyurtlarimiz orasidan faqat ayollar o`rtasida -50 kg vazn toifasida vatanimiz sharafini himoya qilgan Sabina Davlatova finalga etib bordi. U hal qiluvchi bahsda belaruslik sportchiga so`nggi daqiqada yutqazib qo`ydi va kumush medalga sazovor bo`ldi.

Bugungi bellashuvlarda -59 kg vazn toifasida Ibodatxon Agojonova hamda jangovar sambo bo`yicha +98 kg vaznda Hakimjon Ismoilovlar bronza medali bilan taqdirlanishdi.

    Boshqa yangiliklar