AsosiySiyosat

Sardor Umurzoqov Qirg`iziston iqtisodiyot va savdo vaziri bilan ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildi

'Sardor Umurzoqov Qirg`iziston iqtisodiyot va savdo vaziri bilan ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildi'ning rasmi

O`zbekiston Bosh vazirining o`rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Istanbulda Qirg`iziston iqtisodiyot va savdo vaziri Doniyor Amangeldiev bilan investisiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika hamkorligini chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildi.

Investisiyalar va tashqi savdo vazirligidan (ITSV) xabar qilishlaricha,  chorvachilik, engil sanoat, kimyo, farmasevtika va oziq-ovqat sohasida qiymati 60 million dollardan ziyod bo`lgan 550 loyihani o`z ichiga olgan sanoat kooperasiyasini rivojlantirish bo`yicha «Yo`l xaritasi»ning ijro etilishi muhokama qilindi. Amalga oshirilayotgan loyihalarni foydalanishga topshirish bilan bog`liq masalalar, shuningdek, ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish imkoniyatlari ko`rib chiqildi.

O`zbekiston-Qirg`iziston savdo aylanmasida sezilarli o`sish kuzatilganligi ta`kidlandi. Jumladan, o`tgan 4 yil mobaynida o`zaro savdo hajmi 5 barobardan ziyod oshdi hamda pandemiya va inqirozdan keyingi davrda ijobiy dinamikani saqlab qoldi. Tomonlar ikki mamlakat iqtisodiyotlarining yuksak salohiyatini qayd etib, tovar ayirboshlashni diversifikasiya qilish hamda yaqin kelajakda uning hajmini 2 milliard dollarga etkazishga doir qo`shma chora-tadbirlarni muhokama qildilar. Bu borada engil sanoat, oziq-ovqat, elektrotexnika, metallurgiya, neft-kimyo sanoati, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmoqlari istiqbolga ega sohalar hisoblanadi.

Transport va logistika yo`nalishidagi hamkorlik masalalariga ham to`xtalib o`tildi. Jumladan, ikki davlatni bog`lovchi transport infratuzilmasini modernizasiya qilish va kengaytirish bilan bog`liq qator loyihalar, shuningdek, multimodal etkazib berish zanjirlari uchun tarif va notarif shart-sharoitlarni yaxshilash bo`yicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi. Ushbu choralar majmui o`zaro yuk tashish hajmini sezilarli darajada oshirishga imkon beradi.

Tomonlar mintaqalararo hamkorlikni izchil rivojlantirishga alohida e`tibor qaratdilar. Xususan, joriy yilda Namangan va Jalolobodda bo`lib o`tgan ikki tomonlama biznes-forumlar natijalari ko`rib chiqildi. 2022 yilning birinchi choragida ikkala mamlakatning chegaraoldi hududlar rahbarlari Kengashining navbatdagi yig`ilishini o`tkazish imkoniyatlari ko`rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida mavjud kelishuvlarni sifatli va o`z vaqtida amalga oshirish maqsadida hamkorlikni yanada kuchaytirish borasida qo`shimcha kelishuvlarga erishildi.

    Boshqa yangiliklar