“O`zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun 2021 yil 19 noyabrdan kuchga kirdi. Bu haqda O`z A xabar bermoqda.
Qonun bilan Jinoyat-ijroiya kodeksi, “Jinoyat ishini yuritish chog`ida qamoqda saqlash to`g`risida” hamda “Ma`muriy qamoqni o`tash tartibi to`g`risida”gi qonunlarga qo`shimcha kiritildi.
Endilikda qonun bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilishini o`rganish va tahlil qilish uchun jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirish, hujjatlar bilan tanishish huquqiga ega bo`ldi.
“O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to`g`risida”gi va “Parlament nazorati to`g`risida”gi qonunlarda Qonunchilik palatasi va Senatning Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tayyorlanadigan O`zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida milliy ma`ruzasini ko`rib chiqish tartibi belgilandi.
Unga ko`ra, Qonunchilik palatasi va Senat Milliy ma`ruzani dastlabki tarzda ko`rib chiqib, fikr va takliflar ishlab chiqadi. Shuningdek, palata majlislarida majburiy ravishda har tomonlama muhokama qiladi. Parlament palatalarining Milliy ma`ruzani ko`rib chiqish bo`yicha qabul qilgan qarorlari agentlikka yuboriladi.
BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga O`zbekiston Respublikasining qo`shilishi to`g`risidagi qonunda korrupsiyaning oldini olish bo`yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda boshqa davlatlarga yordam ko`rsatadigan organlar qatoriga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham kiritildi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida”gi va “Prokuratura to`g`risida”gi qonunlarga kiritilgan o`zgartish va qo`shimchalarga binoan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari qatoriga kiritildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha respublika idoralararo komissiyasi O`zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi etib qayta tashkil etilishi munosabati bilan qonunchilikka tegishli normalar kiritildi.
“Huquqbuzarliklar profilaktikasi to`g`risida”gi qonunda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar ro`yxatiga kiritildi va uning shu sohadagi vakolatlari belgilandi.
Endilikda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to`g`risida axborot berayotgan shaxslar va ularning qarindoshlari davlat himoyasida bo`ladi.
Bunday shaxslarning hayoti va sog`ligiga haqiqiy tahdidni, ularga nisbatan zo`rlik ishlatilganini, mol-mulki yo`q qilinganligi yoki shikastlantirilganligini tasdiqlovchi etarli asoslar mavjud bo`lgan taqdirda korrupsiyaga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi organlar “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat prosessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to`g`risida”gi qonunga muvofiq, ularni himoya qilish bo`yicha zarur choralar ko`rishi shart.






